SPA davlat axborot agentligining ma`lum qilishicha, Saudiya Arabistoni hukumati o`zining fuqarolari va ayni paytda Qirollikda istiqomat qilayotgan chet elliklarning Umra ibodatini amalga oshirishlari uchun ikkinchi bosqichga ruxsat berdi.
Unga ko`ra, endilikda ibodat qiluvchilar soni ko`paytirilib, muqaddas joylardagi umumiy odam sig`imining 75 foizigacha bo`lgan qismiga kirish mumkin bo`ladi. Musulmonlarning Makkadagi Masjidul Xaram va Madinadagi Masjidul Nabaviyda ibodatlarni bajarishlariga ruxsat berildi. Shuningdek, endilikda Masjidul Nabaviydagi muqaddas joyda ham namoz o`qish mumkin.
Saudiya hukumati tomonidan ishlab chiqilgan rejaga binoan, Umraga ruxsat berishning ikkinchi bosqichida 15 ming kishi ushbu ibodatni ado etadi va yana 40 ming kishi muqaddas joylarda namoz o`qiydi. Bu mazkur hududdagi sig`imning 75 foizini tashkil qiladi.
Ibodat qiluvchilar orasida koronavirus tarqalishining oldini olish uchun ularning Umrani ado etishlari uchun berilgan vaqt uch soatgacha qisqartirildi.






