Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklari shifoxonasida vafot etganlarning mayyitlarini yaqinlari tomonidan olib ketilishida muammo paydo bo`layotgani haqida avval yozgan edik. Bu erda nega buncha ko`p bemor vafot etayotganiga izoh berishni ham so`ragandik.
Ushbu holat bo`yicha tarqatilayotgan xabarlarning asosli yoki reallikdan qanchalik uzoqligi to`g`risida Respublika patologik anatomiya markazi direktori, SSV bosh patologoanatomi, professor Rajabboy Israilov quyidagicha izoh berdi:
–Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etganlarning jasadi berilishida muammo bo`layotgani haqida axborotlar tarqalmoqda.
Tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida joriy yilning 1 avgust kunidan boshlab patologik anatomiya bo`limi faoliyati tashkil etildi. Endilikda, ortiqcha ovoragarchiliklariga yo`l qo`ymaslik, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur shifoxonada vafot etganlarning mayitini qarindoshlari ushbu bo`limdan olib ketishlari mumkin. Bundan avval mayit Respublika patologik anatomiya markaziga olib borilardi.
Sog`liqni saqlash vazirligining 2020 yil 28 martdagi “Koronavirus kasalligi bilan ro`yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadini dafn etishda xavfsizlikni ta`minlash bo`yicha vaqtincha qoidalar”ga asosan, o`lim sodir bo`lgan bo`limda 2 soat saqlanib, shundan so`nggina patologik anatomiya bo`limiga olib kelinadi. Keyin murda ro`yxatdan o`tkazilib, 3 foizli xlorli eritmada zararsizlantiriladi, murdaning diniy e`tiqodiga ko`ra, yuvilib (kafanlanib yoki kiyintirib) qarishdoshlariga topshiriladi. Tabiiyki, bu amaliyotlar o`tkazilishi uchun o`rtacha 3-4 soat vaqt talab etiladi. Bu vaqtda qarindoshlar muassasa eshigi tagida kutib qolmoqda.
Shuningdek, tarqatilayotgan video, matnli xabarlarda “Koronavirusdan vafot etgan murdalarni olib ketishda navbat kutuvchilar shuncha bo`lsa, ularning sonini statistika nega kam beryapti?” degan mulohaza ham mavjud.
Patologik anatomiya bo`limi eshigi oldida kutib turgan odamlarning ko`pligining sababi aslida bir nafar murdani olib ketish uchun kamida 4 nafar qarindoshi keladi, bu esa o`z-o`zidan fuqarolarning vahimaga tushishiga sababchi bo`lmoqda. Qayd etish joizki, statistika ma`lumotlarini soxtalashtirishdan hech kim manfaatdor emas.
Ma`lumki, Zangiota tumanidagi yuqumli asalliklar shifoxonasida nafaqat koronavirus bilan kasallanganlar, balki boshqa turdagi o`tkir infeksiya va pnevmoniya bilan og`rigan bemorlar ham davolanmoqda. Koronavirusdan vafot etganlar statistikasida faqat “COVID-19” diagnozi virusologik tekshiruvda tasdiqlanganlar soni beriladi, lekin bu shifoxonada pnevmoniya va boshqa infeksion kasalliklardan ham vafot etayotganlar bor. Tabiiyki, ular koronavirus statistikasiga kiritilmaydi.
Shuningdek, ushbu shifoxonadagi patologoanatomik bo`limi yanada takomillashtirilib, kechki navbatchilikni ham tashkil qilish va tungi vaqtlarda mayitni qarindoshlariga topshirish imkonini yaratish rejalashtirilmoqda.
Zangiota shifoxonasi atrofida tobut tashiydigan mashinalar narxlarni 700 mingdan boshlab ko`tarib yuborgan” degan xabarlarga esa, quyidagicha izoh berish mumkin. Jasadlarni etkazib berish Sog`liqni saqlash vazirligi va Respublika patologik anatomiya markazi zimmasida emas. Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi darvozasi oldida dafn etish marosimini tashkil qiluvchi xususiy tashkilotlar jasadni tashib berishni taklif qilishmoqda. Ularning o`z xizmatlari uchun belgilagan narxlarini nazorat qilish Sog`liqni saqlash vazirligi va Respublika patologik anatomiya markazi vakolatiga kirmaydi, — deydi Rajabboy Israilov.