AsosiyDunyo

Qirg`izistonda 700 mln dollarni olib, "juftakni rostlagan" sobiq amaldor qo`lga olindi

'Qirg`izistonda 700 mln dollarni olib, "juftakni rostlagan" sobiq amaldor qo`lga olindi'ning rasmi

Qirg`izistonda eng yirik korrupsioner qo`lga olindi. U mamlakatdan 700 mln dollardan ko`proq mablag`ni olib chiqib ketgan.

Qirg`iziston Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi (MXDQ) matbuot xizmati Bojxona xizmati rahbarining sobiq o`rinbosari Raimbek Matraimov qo`lga olingani haqida xabar berdi.

Kloop nashriga tayanib Kun.uz xabar berishicha, 2016 yildan buyon Matraimov va boshqa mansabdor shaxslar Davlat bojxona xizmati tizimida «bojxona ma`muriyatchiligidan yashirin daromad olish maqsadida» korrupsion sxemani yo`lga qo`ygan.

«Korrupsion sxema davlatga juda katta miqdorda zarar etkazdi, ammo MXDQ zararning aniq miqdori to`g`risida hali xabar bermadi. Hozirda MXDQ davlatga etkazilgan zararning hajmini o`rnatish va bojxona xizmatida korrupsion sxemaga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash maqsadida tergov olib bormoqda», - deyiladi xabarda. 

Eslatib o`tamiz, Raimbek Matraimov «Kloop», «Azattiq» va OCCRP jurnalistlarining Qirg`izistondan 700 million AQSh dollaridan ortiq mablag`ni olib chiqish bo`yicha olib borgan tekshiruvida asosiy shaxslardan biri hisoblanadi. 

2019 yil may oyida «Azattiq» Qirg`izistondan 700 million dollarni olib chiqib ketish va bunga Raimbek Matraimovning aloqadorligi to`g`risida surishtiruv o`tkazdi. Keyinchalik, Matraimovlar oilasi mablag`larning olib chiqib ketilishiga aloqadorligi haqidagi ma`lumotni rad etdi, moliyaviy polisiya esa jurnalistlarning dalillarini tekshirib, Matraimovlarning mol-mulki chet elda topilmagani haqida bayonot berdi. 

2019 yilning kuzida OCCRP, «Azattiq» radiosi va Kloop «Klanlar, korrupsiya va Ipak yo`lidagi kontrabanda» nomli jurnalistik surishtiruvni e`lon qildi. Unda xitoylik tadbirkor Habibulla Abduqodirning Qirg`izistonning nufuzli amaldori Raim Matraimov bilan aloqalari haqida so`z boradi.

Jurnalistlarga axborot bergan Ayerken Saymaiti mamlakatdan 700 million dollardan ortiq mablag`ni noqonuniy ravishda olib chiqib ketganini tan olgan va korrupsiya tarmog`i o`sha paytdagi Bojxona xizmati raisi o`rinbosari Raim Matraimov yordamida tashkil etilganini ma`lum qilgandi. Shundan so`ng, Saymaiti qotillik qurboniga aylandi.

Yaqinda Qirg`iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, bosh vazir Sadir Japarov qirg`iz xalqiga murojaat bilan chiqdi. U Matraimov haqida ham o`z fikrlarini bildirdi.

«Avvalo, biz Qirg`izistondan 700 million dollarni olib chiqib ketish to`g`risidagi ishga nuqta qo`yamiz, asosiy gumondor Matraimov va boshqa korrupsionerlar esa javobgarlikka tortiladi. Tegishli ko`rsatmalar huquqni muhofaza qilish idoralariga berilgan, biz ushbu ish natijalarini yaqin vaqt ichida taqdim etamiz», - dedi u.

Sadir Japarovning ta`kidlashicha, «korrupsiyaga qarshi kurash - bu to`lib ketgan qamoqxonalar va huquqni muhofaza qilish idoralarining cheksiz vakolati, degani emas».

«Korrupsiyaga qarshi kurash hamma uchun bir xil ishlaydigan aniq va sodda qonunlardir», - deya xulosa qildi u. 

    Boshqa yangiliklar