Prokuratura organlari tomonidan ijtimoiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo`nalishida o`tkazilgan monitoring va nazorat tadbirlarida, qonunga zid bo`lgan 108 ta huquqiy hujjatlarni bekor qilish yoki qonunga muvofiqlashtirish bo`yicha protestlar keltirilgan,. Bu haqda Bosh prokuratura ma`lum qildi.
Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga 74 ta taqdimnomalar kiritilgan, 451 nafar mansabdor shaxslar intizomiy va ma`muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek qo`pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 46 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan, 672 mln. so`mlik etkazilgan zararlar ixtiyoriy qoplangan, sudlarga qiymati 9,5 mlrd. so`mlik 1013 ta da`vo arizalari kiritilgan va 5,2 mlrd. so`m undirilgan.
Tekshirishlar natijasiga ko`ra, 3 989 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari amalda tiklangan.
Shuningdek, tekshirishlar davomida korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan bo`sh ish o`rinlarini yashirish holatlari aniqlanib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 26 445 nafar ishsiz fuqarolarga ishga joylashishida amaliy yordam ko`rsatilgan.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki bergan ma`lumotlariga ko`ra, joriy yilning sentyabr oyi uchun 3 344 749 mln. so`m pensiya, 3 250 532 mln. so`m ish haqi, 438 276 mln. so`m nafaqa jami 7 033 556 mln. so`m ijtimoiy to`lovlar to`lab berilgan.
Prokuror tekshiruvlari ayrim vazirliklar, byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi va boshqa byudjet muassasalari tomonidan bu boradagi qonun hujjatlari to`liq bajarilmasdan, ish haqi to`lovlarini maqsadsiz sarflash, talon-toroj qilish holatlariga yo`l qo`yilganligini ko`rsatdi.
Prokuratura organlari tomonidan joriy yilning o`tgan davrida 46 ta holatda 7,7 mlrd. so`mdan ortiq ish haqi, nafaqa va ularga tenglashtirilgan to`lovlar uchun ajratilgan byudjet mablag`lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan bo`lib, bu asosan, Xalq ta`limi vazirligi (2,8 mlrd.), Sog`liqni saqlash vazirligi (2,6 mlrd.), Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi (177 mln.), boshqa byudjet muassasalari (1,5 mlrd.), shuningdek boshqa tashkilot va korxonalar (448 mln.) so`m hisobiga to`g`ri keladi.






