1

Prezident O`zbekiston xalqiga bayram tabrigini yo`lladi

Siyosat 21.10.2020, 10:34
Prezident O`zbekiston xalqiga bayram tabrigini yo`lladi

Muhtaram vatandoshlar!

Siz azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi qutlug` ayyom – O`zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

1989 yil 21 oktyabrda, g`oyat murakkab ijtimoiy-siyosiy sharoitda yurtimizda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi milliy mustaqillik sari qo`yilgan muhim qadam bo`lganini barchamiz yaxshi eslaymiz.

Jamoatchiligimiz, xalqimizning xohish-istaklarini inobatga olib, o`tgan yili ushbu tarixiy sanani O`zbek tili bayrami kuni sifatida belgilash to`g`risida qonun qabul qilganimizdan hammangiz xabardorsiz. Bugun mamlakatimizda birinchi marta keng nishonlanayotgan ana shu bayram ma`naviy hayotimizdan mustahkam va munosib o`rin oladi, deb ishonaman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Bugungi kunda biz yangi O`zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz.

Chunki, necha asrlar osha ajdodlarimizdan bizga bezavol o`tib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qayg`urish – bu millatning o`zligini anglashi, uning ma`naviy kamolotini yuksaltirish uchun kurash demakdir. Davlat tilining obro`-e`tibori – butun xalq, butun jamiyatning obro`-e`tiboridir.

Hozirgi vaqtda er yuzida o`zbek tilida so`zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ko`plab ta`lim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari o`zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg`iz, tojik, turkman tillarida faoliyat ko`rsatmoqda. Xorijiy tillarga ixtisoslashgan hamda ta`lim chet tillarda olib boriladigan ta`lim muassasalari soni oshib bormoqda.

Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o`quv yurtida o`zbek tili va adabiyoti o`rganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda.

Kuni kecha Afg`oniston Islom Respublikasida O`zbek tili kuniga bag`ishlangan bayram tadbirlari birinchi marta davlat miqyosida nishonlanganini mamlakatimiz jamoatchiligi, butun o`zbek xalqi katta mamnuniyat va xursandchilik bilan olqishladi.

Fursatdan foydalanib, qardosh Afg`oniston davlati rahbariyatiga o`zbek tiliga rasmiy til maqomini berib, unga ko`rsatayotgan yuksak e`tibor va hurmati uchun yana bir bor chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu ko`hna zaminda yashayotgan barcha millatdoshlarimizni bugungi qutlug` bayram bilan el-yurtimiz nomidan samimiy muborakbod etaman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Mamlakatimizda o`zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o`rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas`uliyatli vazifalar turibdi.

Shu maqsadda “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasining yangi tahriri hamda shu munosabat bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihalari tayyorlanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko`rib chiqish uchun kiritildi.

Xabaringiz bor, kuni kecha “Mamlakatimizda o`zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoni imzolandi.

Farmonga muvofiq, o`zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro`-e`tiborini tubdan oshirish, unib-o`sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an`ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to`laqonli joriy etishni ta`minlash, O`zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o`zbek tilini o`rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo`nalish va istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.

Farmon ijrosini ta`minlash uchun davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovasion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida to`liq davlat tilida ish yuritish bo`yicha boshlagan ishlarimizni kuchaytirishimiz kerak.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan, O`zbekistonimizni yagona va ahil oila deb biladigan turli millat va elatlar vakillari ham o`zbek tilini o`rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ayniqsa e`tiborlidir.

Shu munosabat bilan bu borada motivasiya omillarini kuchaytirish, maxsus darslik, lug`at va qo`llanmalar, video va audiomateriallar, zamonaviy o`qitish uslublarini keng joriy etish muhim ahamiyatga ega.

Bugungi globallashgan dunyoda tillarning bir-biriga o`zaro ta`siri, jumladan, chetdan so`z qabul qilish ko`lami va sur`ati ortib bormoqda. Afsuski, yurtimizda bu jarayon aniq tizim va ilmiy yondashuvlarsiz yuz berayotganini tan olgan holda, mavjud holatni bartaraf etish uchun ta`sirchan choralar ko`rish lozim.

Ayni vaqtda o`zbek tili alohida fan sifatida o`qitilayotgan xorijiy universitet va markazlar bilan yaqin hamkorlik o`rnatish, ular uchun o`quv adabiyotlari yaratish borasida ham faol ish olib borishimiz lozim.

Jahon adabiyoti durdonalarini o`zbek tiliga hamda o`zbek adabiyotining sara namunalarini chet tillarga tarjima qilish va nashr etish, bu yo`nalishda shakllangan ijodiy maktablarni rivojlantirish, yuqori malakali tarjimon-adiblar hamda mutaxassislarni tayyorlash ishlariga jiddiy e`tibor qaratishimiz darkor.

Mamlakatimizda “O`zbek xalq ijodi yodgorliklari”, “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari”, “Birinchi kitobim”, “Jahon adabiyoti durdonalari” kabi seriyalarni nashr etish bo`yicha boshlangan ishlarni tizimli asosda davom ettirish kerak.

Shuningdek, o`zbek tilining jahon maydonida, xususan, Internet axborot tarmog`ida munosib o`rin egallashini ta`minlash, ona tilimizda ko`plab yangi kompyuter dasturlarini yaratish bo`yicha ham oldimizda turgan  muhim va dolzarb vazifalarni hal qilishimiz zarur.

Ushbu qutlug` bayram arafasida qabul qilingan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to`g`risida”gi qaror ham o`zbek tili va adabiyotini, milliy madaniyatimizni yanada ravnaq toptirishga qaratilgan amaliy harakatlarimiz bilan uyg`un va hamohangdir.

Hurmatli do`stlar!

Atoqli ma`rifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir.

Shu ma`noda, Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi, desak, yanglishmagan bo`lamiz.

Men mana shunday qarash va tushuncha har bir yurtdoshimizning hayotiy e`tiqodiga aylanadi, bu borada muhtaram ziyolilarimiz, faol yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz barchaga o`rnak va namuna bo`ladilar, deb ishonaman.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Sizlarni O`zbek tili bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sog`lik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

O`zbek tilimiz hamisha bezavol yashasin, doimo mag`rur yangrasin!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1