AsosiyJamiyat

Dunyoda necha kishi o`zbek tilida so`zlashadi?

'Dunyoda necha kishi o`zbek tilida so`zlashadi?'ning rasmi

YuNESKO vakillarining fikricha, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo`lib, ularning 90 foizi yo`qolib ketish arafasida turibdi. 

Bu asosan sivilizasiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlar bo`lib, ayrimlari yozuvga ega emas. Masalan, Afrika tillarida so`zlashuvchi aholining 80 foizida yozuvlar qabul qilinmagan. Zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ayrim xalqlar o`z tillaridan ko`ra zamonaviy tillardan foydalanishga majbur bo`lmoqda. Bugun Internet tilining 80 foizi ingliz tiliga to`g`ri keladi.

Yo`qolib ketish xavfida bo`lgan tillarning saqlab qolish yo`lida amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma-xilligini ta`minlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi, sayyoramizda yashayotgan xalqlarning o`tmishi va madaniyati hurmat qilinadi.

Tilshunoslar yo`qolib ketish arafasida turgan tillarni saqlab qolishning imkoniyatlari hozircha qo`ldan boy berilmaganini aytishadi. Tillarni saqlab qolish uchun esa, BMT ekspertlarining fikricha, bu tillardan ta`lim tizimida keng foydalanishni yo`lga qo`yish lozim.

Ona tilida millatning ruhi va ma`naviyati, uzoq asrlik tarixi aks etadi. Zero, ma`naviy, tarixiy va diniy merosimiz yurt fuqarolari uchun o`lmas manba, hayot yo`lida zarur qo`llanma vazifasini o`taydi.

Yo`qolib ketish xavfi arafasida turgan jahon tillari

Bugungi kunda dunyoda 6700 ta til mavjud bo`lib, ularning teng yarmi sakkizta davlat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh va Rossiya ulushiga to`g`ri keladi. Eng ko`p tilli mamlakat Hindistonda aholi 845 til va lahjada so`zlashadi. Sayyoramizda eng ko`p aholi so`zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olinadi. Hozirgi kunda 345 million kishi ingliz tilini ona tili, yana 370 million kishi esa ikkinchi ona tili, deb biladi. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir million kishi so`zlashishi lozim. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tagina bo`lib, o`zbek tili ham ularning qatorida turibdi.

YuNESKO tomonidan nashr qilinadigan «Yo`qolib ketish xavfi arafasida turgan jahon tillari atlasi»da Evropada 50 ta, Tinch okeani mintaqasida 200 ta til yo`qolib ketish arafasida turibdi. Afrikadagi 1400 ta tildan 250 tasi yaqin yillarda, 600 tasi kelajakda butunlay yo`qoladi. AQSh hududlariga evropaliklar qadam qo`yganida, mintaqada minglab tillar mavjud bo`lgan.

Ayni damda, Shimoliy Amerika hindularning kamida 150 ta tili saqlanib qolgan, xolos. Leypsig universiteti xodimi Baltazar Bikelyaning so`zlariga qaraganda, Kavkazda atigi 3-4 kishi so`zlashuvchi tillar ham bor. Leypsigda bo`lib o`tgan lingvistlarning xalqaro anjumanida kam sonli xalqlarning tillari yo`qolib ketishiga globallashuv jarayoni aybdor, degan xulosaga kelindi.

Insoniyat tarixida 9000 mingdan ortiq tillar yo`q bo`lib ketgan. Nafaqat bosib olingan hududlardagi xalqlarning tillari, balki fotihlarning qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillari yo`qolib ketgani tarixdan ma`lum. Ammo o`lib va yo`qolib borayotgan tillarni qutqarib qolish imkoniyati mavjud. Misol tariqasida 1980 yillarda atigi 8 kishi so`zlashgan Yaponiyaning Xokkaydo orolidagi ayn tili tiklangach, hozirda bu tilda bir necha ming kishi gaplashmoqda. Ikki ming yil davomida o`lik til sanalgan ivrit tili qayta iste`molga kiritildi. Ayni paytda, ivrit tilida 9 million kishi so`zlashadi.

Shuni qayd etish lozimki, bolalar o`z ona tillarida o`qishni to`xtatsa, ta`lim olmasa, o`sha til yo`qolib ketish arafasiga kelib qoladi.

O`zbek tilida 50 million kishi so`zlashadi

O`zbek tilining tarixiy negizlari Oltoy tillar oilasining turkiy tillar turkumiga mansub. Mutaxassislarning ta`kidicha, o`zbek tili o`z tarixiy jarayonida ushbu bosqichlarni bosib o`tgan: 1. Eng qadimgi turkiy til o`ninchi asrgacha mavjud bo`lgan; 2. Qadimgi turkiy til oltinchi asrdan o`ninchi asrgacha mavjud bo`lgan; 3. Eski turkiy til o`ninchi asrdan o`n to`rtinchi asrgacha qo`llanilgan; 4. O`n to`rtinchi asrning ikkinchi yarmidan yigirmanchi asr boshlarigacha eski o`zbek adabiy tili qo`llanilgan. Mana, qariyb bir asr bo`libdiki, muomalada hozirgi jonli o`zbek adabiy tili qo`llanilib kelmoqda.

Bugungi kunda o`zbek tilini dunyo bo`yicha 30 milliondan ko`proq odam ona tili, deb biladi; ikkinchi til sifatida biladiganlar hisobiga bu son 50 millionga etadi. Tojikiston, Afg`oniston, Qirg`izistonda millionlab o`zbeklar bor; Qozog`iston, Turkmaniston, Rossiyada ham mavjud; Turkiya, Saudiya, Pokiston, AQSh, Janubiy Koreyadagi diasporalarni qo`shsak, qolaversa, o`zbek tilining Shinjon-Uyg`ur muxtor o`lkasiga madaniy ta`sirini inobatga olsak, o`zbek tilida asosiy mintaqaviy til bo`lishga etarli resurslar mavjudligini his qilamiz.

O`zbekiston ulkan til resursiga ega

Respublikamizda o`zbek tili mo``jizakorligini namoyon etish yo`lida yaxshi harakat boshlangan. Xususan, mumtoz adabiyotimizga oid tadqiqotlar ko`lami kengayib bormoqda. So`nggi yillarda Alisher Navoiyning 20 jildlik mukammal asarlari to`plami, 5 jildlik «O`zbek tilining izohli lug`ati» (80 mingdan ortiq so`z va so`z birikmasi, fan, texnika, san`at, madaniyat sohalariga oid atamalar, sheva so`zlari, tarixiy terminlar), «O`zbek tilining imlo lug`ati» chop etilgani, Xalq ta`limi vazirligi tomonidan oktyabr oyida yurtimizdagi barcha umumta`lim maktablarida o`zbek tili va adabiyoti fani bo`yicha fan oyligi, maktablarda «Ona tilim – faxrim, g`ururim», «Til – millat ko`zgusi» mavzularida insholar tanlovi o`tkazilayotgani, «O`zbek tilini o`qitish metodikasi», «Ona tili ta`limida uzviylik», «Nutq madaniyatini o`rganish», «Til va adabiyot o`qituvchilarining vazifalari», «O`zbek tili» (mustaqil o`rganuvchilar uchun), «Ona tili fanidan plakatlar to`plami», «O`zbek tili fanidan adabiy-ma`rifiy matnlar to`plami», «Nutq madaniyati» kabi qator qo`llanmalar yaratilgani ta`lim tizimidagi quvonarli hodisadir.

O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan tayyorlangan «O`zbek xalq ijodi yodgorliklari» nomli 100 jildlik majmuaning dastlabki 20 jildi bosmadan chiqdi. O`z navbatida, bugungi o`quvchilarning yozma savodxonligini oshirish, mustaqil fikrlashga o`rgatish, ona tili va adabiyot fanlarida AKTni joriy etish, to`g`ri, ravon so`zlashni hamda chiroyli nutq madaniyatini shakllantirish zarur, degan fikrdamiz.

Xo`sh, ulkan resursga ega tilimizning jahondagi xalqaro nufuzini oshirish bo`yicha qanday vazifalar oldimizda turibdi. Bizningcha, diaspora va irredentalarni madaniy qo`llab-quvvatlash, butun dunyoda o`zbek tili va madaniyati o`rganilishini, o`zbek tili kafedralari ochilishini moliyalashtirish, tilga oid xalqaro konferensiyalarni tashkil etish, o`zbek mutaxassislarining mobilligini oshirish, o`zbek tilidagi sifatli, xalqaro ahamiyatga kontentni ko`paytirish, odamlarga o`zbek tilini o`rganishga rag`bat berish, mintaqada O`zbekiston biznesi qamrovini kengaytirib, o`zbek tilini uning asosiy tiliga aylantirish (misol uchun, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog`istondagi qo`shma korxonalarning ishchilariga o`zbek tilini o`rgatish) foydali bo`ladi. Bu ishlarni qadamba-qadam ro`yobga chiqarish mumkin.

Tilning tozaligi saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Lingvist olimlarning fikricha, yana 20 yildan so`ng hozir muomalada bo`lgan tillarning o`ntasidan bittasi saqlanib qoladi. Modomiki shunday ekan, o`zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro`-e`tiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo`shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz lozim.

Xulosa o`rnida

O`zbek tili rivojiga oid ba`zi takliflarimizni keltirib o`tsak: internetda o`zbekcha kontentni keskin ko`paytirish (Vikipediya, Google), o`zbek tilidagi veb-saytlar, e-kutubxonalar sonini ko`paytirish, sifatini oshirish; milliy kino va teatr, adabiyot va san`at sohasida yangi ruhdagi asarlarni ko`paytirish; tasviriy oyina tasvirlagan ko`chalarimiz peshtaxtalaridagi yozuvlarni tanqidiy ko`rib chiqish.

Ma`lumki, hozirgi vaqtda Abu Rayhon Beruniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti qo`lyozmalar fondida o`n minglab noyob durdona manbalar o`rganilmay egasini kutib yotibdi. Arab, fors tilida yozilgan qo`lyozmalarni o`rganish, kitob holida nashr etish, uni xalqimizga va jahon ommasiga, ilm-fan ahliga etkazishda etuk mutaxassislar etishmaydi. Biz amaliy taklif sifatida O`zbekistonda Matnshunoslik va manbashunoslik institutini ochishni taklif etamiz.

2019 yil 21 oktyabr kuni qabul qilingan O`zbekiston Prezidentining «O`zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoniga binoan, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilib, uning qoshida Atamalar komissiyasi faoliyatini boshlagani bu borada tashlangan katta qadamlardir.

Buning ustiga, «Davlat tili haqida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish ta`kidlab o`tildi. Yangi tahrirdagi Qonun 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan va 1995 yil 21 dekabrda o`zgartirish kiritilgan qonundan mukammal bo`lib, o`zbek millati obro`-nufuzini ko`tarishga xizmat qiladigan yuksak darajadagi oliy hujjat bo`ladi, deb ishonamiz. O`zbek tili boyligi jozibadorligi – millatning obro`si demak. Zero, til – millat ko`rki, or-nomusi va obro`sini bildiradigan mayoqdir.

                                                                                            Baxtiyor Omonov, 

                                                                                             Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori,

 

                                                                                              Zarina Axtamova, 

                                                                                              Toshkent axborot texnologiyalari universiteti liseyi ingliz tili fani o`qituvchisi

 

    Boshqa yangiliklar