XXR qo`shnilarimizdan bergan qarzni so`rashni boshlabdi. Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu davlat gardanidagi omonat yil oxiriga qadar 5 mlrd. dollarga borib qolar ekan, deb yozmoqda Platforma.
Bermoqning olmog`i bor(qarzdorlar uchun esa emoqning qusmog`i) deganlaridek, chinliklar birinchilardan bo`lib «shafqatsiz schyotchik»ni rostdan ham ishga tushirishga ahd qilishgan ko`rinadi.
Hozircha Bishkekning Xitoydan 1,7 mlrd. dollar qarzi bor. Agar Qirg`iziston 2021 yil yanvardan boshlab bu mablag`larni qaytarishni boshlamasa, u holda Tojikiston va Shri-Lanka kabi tabiiy resurslari yoki hududlari bilan to`lovni amalga oshirishiga to`g`ri keladi.
Tashqi qarzni uzish uchun esa oddiy fuqarolardan ham yordam so`ralgan, ularga o`z mablag`larini mana shunday xayrli yo`lda(kim uchun xayrli bilmadigu, o`zi doim hokimiyatdagi korrupsionerlar, o`z nafsidan boshqani o`ylamaydigan davlat mansabdorlari kasriga oddiy xalq qolib yuradi) ehson qilishlari taklif etilyapti. Mamlakat moliya vazirligi esa buning uchun davlat bankida maxsus hisob raqami ochishga ham tayyor.
E`tiborlisi, davlat qarzini uzish bo`yicha kampaniya tashabbusi aynan jamoatchilik tashkilotlari va fuqarolar tomonidan ilgari surilayotgan ekan.
Parlament deputati Aynar Altinbaevaning ta`kidlashicha, istalgan mablag` xayriya qilinishi mumkin.
"Agar pul yo`q bo`lsa, u holda tilla va kumushdan yasalgan zargarlik buyumlarini "Krzg-Altn" kompaniyasiga topshirsa bo`ladi. Kompaniya esa tegishli summani maxsus hisob raqamiga o`tkazib beradi", — deydi u.
Ma`lumotlarga ko`ra, Qirg`iziston tashqi qarzining 45 foizi Xitoyga to`g`ri keladi va bu qarz birinchi navbatda Pekinga qaytarilishini anglatadi.
XXR Rossiya emas va u bergan qarzlaridan voz kechmaydi.
Boz ustiga, Xitoy bu borada muddatni ham uzaytirib bergan edi, ammo kelgusi yil 1 yanvardan boshlab Qirg`iziston olgan kreditlari bo`yicha foizlarni to`lashni boshlashi shart. Davlat g`aznasida esa pul yo`q, shuning uchun barcha fuqarolardan ko`mak so`ralyapti.
Eslatib o`tamiz, mamlakatga kreditlar jalb etish cho`qqisi Almazbek Atambaev davlatga rahbarlik qilgan yillarga to`g`ri keladi. U yo`llar, IES va ob`ektlar qurish uchun pul olgan. Keyin esa Bishkekda to`lov qobiliyati yo`q ekanligi ma`lum bo`ldi...
Mana endi "posle pojar"dan keyingi vaziyatda yana oddiy odamlar yordamga kelmoqda.






