Britaniya hukumatining bosh ilmiy maslahatchisi Patrik Vallansning ogohlantirishicha, koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan vaksina uni batamom yo`q qilishi ehtimoldan yiroq bo`lib, COVID-19 hech qachon yo`qolib ketmasligi mumkin. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
“Mening o`ylashimcha, biz hech qachon koronavirusni batamom enga oladigan vaksinaga ega bo`lmaymiz. Bu virus dunyo bo`ylab aylanib yuraveradi va u endemik kasallikka aylanadi. Mening bu boradagi fikrim shunday va ko`plab odamlar unga qo`shilishadi deb hisoblayman. Virusga qarshi kurashda olib borilayotgan ishlar yaxshilangani va vaksina qabul qilib COVID-19 ga chalinish ehtimolingiz kamaygani sari koronavirus mavsumiy shamollashdek oddiy kasallikka aylanadi” deydi Ser Patrik Vallans Britaniya hukumati qo`mitasiga.
Endemik kasallik deganda odamlar orasida doimiy ravishda mavjud bo`ladigan hastaliklar tushiniladi. Bunga mavsumiy grippni misol qilib keltirish mumkin.
Vallansning aytishicha, batamom yo`q qilingan yagona kasallik bu chechakdir. Shuningdek, Vallans samarali vaksina bahorgacha tayyor bo`lmasligini ta`kidlagan.
Hozirgi kunda AQSh, Xitoy, Britaniya va boshqa davlatlarda koronavirusga qarshi vaksinalarning so`nggi sinovlari o`tkazilmoqda. Lekin, olib borilayotgan so`nggi tadqiqotlarga ko`ra, COVID-19 ga qarshi vaksina odam organizmida uzoq muddatli immunitet hosil qilmaydi. Bu esa odamlar har yili emlanishga ehtiyoj sezishlarini anglatadi.






