1

Rashk o`tida yongan oshiq boshqaga unashtirilgan sevgilisini pichoqladi. O`ziga esa kuchi etmadi...

Jinoyat 23.10.2020, 14:57
Rashk o`tida yongan oshiq boshqaga unashtirilgan sevgilisini pichoqladi. O`ziga esa kuchi etmadi...

Kundalik hayotimizga nazar tashlasak, insondagi buyuk muhabbat tuyg`usi sabab qanchadan-qancha ezguliklar amalga oshirilganiga, betakror san`at asarlari, misli ko`rilmagan bunyodkorlik ishlari bajarilganiga guvoh bo`lamiz. Muhabbat bilan doimo yonma-yon bo`lgan rashk esa me`yoridan oshib ketsa, noxush va ayanchli voqealarga sabab bo`lishi mumkin..

Shunday voqea bir necha oy avval Uchqo`rg`on tumanida sodir bo`ldi.

O`shanda 16 yoshda bo`lgan Shahlo Orifjonova (ism-familiyalar o`zgartirilgan) bundan ikki yil avval — 2018-2019 o`quv yilida tumandagi 13-umumta`lim maktabining 11-sinfiga boshqa maktabdan kelib qo`shilganida, sinfdoshlari uni samimiy qar­shi olishdi. Ammo istarasi issiq, tili shirin qiz hammadan oldin 10-sinfda o`qiydigan Zuhriddin Hamidovning ko`nglini rom etdi.

Garchi Zuhriddin 10-sinfda o`qisa-da, qizdan bir yosh katta edi. Shu bois u yigitlarga xos dadillik bilan Shahloga dil izhori qildi. Tabiiyki, aksariyat qizlarga yigitlarning ana shu dadilligi yoqadi. Sh. Orifjonova ham Z. Hamidovning munosabatini rad etmadi. Aksincha, tez orada u ham yigitga mahliyo bo`lib qoldi.

Shundan so`ng ikki yoshning munosabatlari kun sayin, oy sayin kuchayib boradi. Ularning birga o`t­kazgan damlari turli ahdu paymonlar, kelajak orzulari va quyuq va`dalar bilan kechardi. Xullas, ishq dardi ikkalasining ham ko`zini ko`r, qulog`ini kar qilib qo`ygandi. Bi­roq…

Biroq 2019 yilda Shahlo maktabni tamomlagach, oshiq-ma`shuqning halovati buziladi. Negaki, qizning eshigini sovchilar taqillatib kela boshlaydi.

To`g`ri, Zuhriddin ham unga uylanishini doim aytib keladi. Lekin o`zidan oldin uylanadigan akasi bor edi-da. Binobarin, yigit boyaqish chorasiz qoladi. Hatto, ota-onasiga ham qizni sevishini, unga uylanish niyati borligini aytolmaydi. Faqatgina egizak singlisi Zahro ularning munosabatidan boxabar edi, xolos.

Shunday kunlarning birida Shahloning tog`asi Furqatjon Nizomov Zuhriddin o`zining jiyani ortidan yurganini eshitib qoladi.

— Agar jiyanimni yaxshi ko`rsang, niyating jiddiy bo`lsa, sovchilaringni yubor!, — deya shart qo`yadi tog`a bo`lmish.

— Mening uylanadigan akam bor. Shuning uchun hozir sovchi yuborolmayman, — deydi bunga javoban Zuhriddin.

— Unday bo`lsa, Shahloni tinch qo`y. Biz seni kutib, uni ikki-uch yil olib o`tirolmaymiz.

Shundan so`ng — o`tgan yil dekabr oyida xonadon kattalari qizni qo`sh­ni Namangan tumanida yashovchi, 1994 yilda tug`ilgan Latifjon Shermatovga unashtirib qo`yishadi. Garchi Shahlo ham Zuhriddinni sevsa-da, onasi va tog`asining izmidan chiqolmaydi. Ammo Z. Hamidov bilan uchrashishdan, uchrashgan kezlarida esa, ko`z yoshidan o`zini tiyolmaydi.

O`z navbatida, boshqa birovga unashtirilgan qizining eski oshig`i bilan uchrashib yurishi Mahbuba Orifjonovaning g`ashini keltiradi. Shu bois 2019 yil 22 dekabr kuni u Zuhriddinni uyiga chaqirib, qizini tinch qo`yishini talab qiladi. Hatto bu xususda hudud profilaktika inspektoriga ham ma`lum qilib qo`yadi.

Bu mojarolar esa, shundog`am o`z yog`iga o`zi qovurilib yurgan Shahloning battar yuragini siqadi. Shuning uchun qiz Zuhriddinga qo`ng`iroq qilib, dorixonadan kuchli ta`sir etuvchi dori keltirib berishini, o`sha dorini ichib yoki kanalga tashlab, o`z joniga qasd qilmoqchi ekanligini ham aytadi.

Biroq yigit uni ovutib, ruhiy dalda beradi.

Shu tariqa hash-pash deguncha yangi yil kirib, yanvar oyining sovuq kunlari ham o`ta boshlaydi. «Balki qi­zim yigitdan uzoqroqda bo`lsa, uni tezroq unutar», deb o`ylaydi Mahbuba opa ana shunday kunlarning birida. So`ng onaizor 2020 yil 22 yanvar kuni Shahloni uy yumushlariga ko`maklashish bahonasida Namangan shahridagi qarindoshi Xadicha Valijonovaning xonadoniga jo`natib yuboradi.

Lekin uyali telefon, telegram deya atalgan bugungi kunning eng qulay aloqa vositalari oshiq-ma`shuqning ayrilig`iga ozmi-ko`pmi dalda bo`lib turadi.

Oradan bir hafta o`tib, Sh. Orifjonova shahardan qaytayotganida Z. Hamidovga qo`ng`iroq qilib, xabar beradi.

— Uyga kelyapman, uchrashamizmi? — deb so`raydi u.

— Albatta, — deydi Zuhriddin ham.

Shundan so`ng Shahlo uyga etib keladi-da, singlisi Shohista bilan ko`kat terib kelish bahonasida ko`chaga chiqadi. Opa-singil mahalla yaqinidagi To`daariq kanali bo`yiga borishadi. Ular etib kelganlarida, Zuhriddin o`sha erda edi. Chunki Sh. Orifjonova uydan chiqishda allaqachon Z. Hamidovga «SMS» xabar yuborgandi.

— Sen boqqa borib turaver, — deydi qiz singlisiga.

Shohista kanal bo`ylab ketgach esa, Shahlo yana oshig`iga dardini aytadi.

— Juda qiynalib ketdim. Baribir, biz bir-birimizga etisholmaymiz.

U shunday deb uyidan olib chiqqan 2 do­na oshxona pichog`iga ishora qiladi.

— Avval meni, keyin o`zingizni o`l­dirasiz, — deya shart qo`yadi Zuhriddinga.

Aslida Z. Hamidov Sh. Orifjonovadan xuddi shu gapni kutib turgandek edi.

Negaki, yigit so`nggi kunlarda Shahloning Latifjon bilan birga bo`lishini o`ylab, rashk azobidan uxlolmay chiqayotgandi. Binobarin, qizning gapi unga eng to`g`ri yo`l bo`lib tuyuladi.

Oqibatda u ikkala pichoqdan birini olib, ma`shuqasining ko`krak qafasiga 5 marotaba ayovsiz sanchadi. Ke­yin jinoiy qilmishi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan fosh etilgan taqdirda, go`yoki aybini engillashtirish uchun qo`lidagi pichoqni o`zining yurak sohasiga 2 marotaba urib, engil tan jarohati etkazadi. Ammo o`z joniga qasd qilolmay, voqea joyidan yashirinadi.

Tasodifni qarangki, o`sha kuni soat 16:20 atrofida Qozoqovul mahallasida yashovchi Kamoliddin Qoraboev va Ulug`bek Usmonov To`daariq kanali bo`yidan o`tib ketayotib, qonga belanib yotgan Sh. Orifjonovani ko`rib qoladi. Ular bog`bon Abduxalil Nurmatov bilan birga hudud profilaktika inspektoriga xabar berishadi.

Pirovardida qotil tungi soat 02:00 larda O`ljato`pi mahallasi qabristonida yashirinib yurgan mahali ushlandi.

Mazkur qotillik jinoyat ishlari bo`yicha Norin tuman sudida ko`rib chiqildi.

Sud majlisida Z. Hamidov aybiga iqrorligi barobarida, o`z sevgilisini o`ldirib qo`yganidan qattiq pushaymonligini bildirdi. Shu bois sud uni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Shu o`rinda ta`kidlash lozimki, jabrlanuvchining qonuniy vakili M. Orifjonova sud majlisida moddiy va ma`naviy zararni undirishdan ixtiyoriy voz kechganligini ma`lum qildi. Shunga qaramay, unga kelgusida ayni masalada fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Albatta, bu mudhish voqea haqida har kim har xil fikrlashi mumkin: kimdir sevgi otashida yongan oshiq-moshiqlarni qoralaydi, kimdir oqlashi ham mumkin. Haqiqat shundaki, agar kattalar, xususan, ota-onalar ularning ko`ngliga quloq tutishib, muhabbat atalmish sof tuyg`uga qarshi chiqmasdan, bamaslahat ish tutishganida shu fojia sodir bo`lmasligi, aksincha, yoshlar hayotda baxtli yashashlari muqarrar edi. Bu mavzu jiddiy o`ylab ko`rishni taqozo qiladi. Va kimlargadir ibrat bo`lishi ham mumkin. Zero, «Birovning xatosi — boshqaga saboq», — deb shunga aytsalar kerak.

Jasurbek QURBONOV, jinoyat ishlari bo`yicha Norin tumani sudining raisi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1