AsosiySalomatlik

5 mahal ovqatlanish 5 mahal osh eyish kerak degani emas

'5 mahal ovqatlanish 5 mahal osh eyish kerak degani emas'ning rasmi

 Sog`lom turmush tarziga amal qilib yashash kerak, deyilsa ba`zilar buning og`irligini yoki umuman imkonsiz ekanini ta`kidlaydi. Ularning bunday deb hisoblashiga sabab sog`lom turmush tarzi qoidalari haqida etarlicha tushunchaga ega bo`lmaganidir. Aslida esa, uni turmush tarziga aylantirish ko`p ham qiyin vazifa emas. To`g`ri ovqatlanish qoidalari esa, sog`lom turmush tarzining asosiy talablaridan biri. Ushbu qoidalarga qanday amal qilish kerakligi to`g`risida tibbiyot fanlari doktori, professor, Tibbiy xodimlarni kasbiy malakasini  rivojlantirish markazining Valeologiya kafedrasi mudiri Shuhrat Irgashev tushuncha beradi (2-qism).  

— Sog`lom va uzoq umr ko`rishning birinchi talabi to`g`ri ovqatlanish qoidalariga amal qilishdir. Masalan, Yaponiyada o`rtacha umr ko`rish yoshi 86 yosh bo`lib, ular bu natijaga to`g`ri ovqatlanish qoidalariga qat`iy rioya qilish orqali erishgan. Mamlakatimizda esa, 51 foiz odam ortiqcha vazndan jabr chekadi. Tanadagi ortiqcha yog` tufayli turli yurak, oshqozon kasalliklarini orttirib olishgan.    

To`g`ri ovqatlanish qoidalariga amal qilish kuniga besh mahal ovqatlanish rejimini tashkil qilishdan boshlanadi. Shu o`rinda savol tug`iladi: nega aynan 5 mahal ovqatlanish talab etilmoqda? Sababi oshqozon osti bezi (pankrioz) har uch soatda turli garmon va fermentlar ishlab chiqaradi. Garmonlar qonga singadi, fermentlar esa ichaklardagi ozuqalarni hazm qilishga sarflanadi. 5 mahal ovqatlanilmasa, oshqozon osti ishlab chiqargan fermentlar o`z vazifasini to`liq bajara olmaydi va natijada boshqa organlar faoliyatining ham buzilishiga olib keladi. Shu bois ko`pgina xorij mamlakatlarida 5 mahal taomlanish odat tusiga kirgan.

 Ko`pchilik “zo`rg`a uch mahal ovqatlanishga vaqt topamiz”,  yoki “3 mahal taom eb shuncha vazn to`plaganman, 5 mahal ovqatlansam nima bo`ladi”, deb aytishadi. Ammo vaqtida to`g`ri ovqatlanish insonlardan ko`p vaqt talab qilmaydi, bunday holatda ortiqcha vazn to`planishi esa, umuman mumkin emas. Chunki 5 mahal ovqatlanish kerak, degani besh mahal osh eyish kerak, degani emas. Shunchaki og`ir hazm bo`luvchi taomlar, yog`li va qovrulgan mahsulotlarni tanovul qilishdan tiyilish talab etiladi, xolos.  

Nonushtadan uch soat o`tgandan so`ng esa, olma yoki boshqa biror ho`l mevani eyish mumkin. Tajribaga ko`ra, inson bitta sigaret chekish uchun 5-6 daqiqa vaqt sarflaydi. Bitta olma eyishga esa, atigi 2 daqiqa talab etiladi.  

Yana 3 soatdan so`ng tushlik vaqti bo`ladi. Bunda uch soat oldin engil taomlanilgani uchun odam och qolmaydi va keragidan ortiqcha ovqatlanib, oshqozonini qiynab qo`ymaydi. Tushlikda xohishiga ko`ra birinchi, ikkinchi qilib taomlanishi mumkin, ammo ko`p yog`li taom emaslik talab etiladi. Tushlikdan uch soat o`tgach, bir stakan qatiq yoki bir dona shirinlik eyish mumkin. Shunda kechki taomda ham me`yorida ovqatlanishimiz ta`minlanadi. Hatto muqaddas kitoblarimizda ham inson tuyib ovqatlanishi yoki o`ta och qolib ketishi mumkin emasligi ta`kidlangan.  

Shu o`rinda yana bir ovqatlanish qoidalaridagi muhim elementga e`tiboringizni qaratmoqchiman. Xalqimiz ovqatlanayotgan vaqtda choy ichishni ham odatga aylantirgan. Bu inson organizmi faoliyatini buzadi. Ovqat bilan birga choy emas, turli sharbatlar yoki qaynatilgan suv iste`mol qilish kerak. Choyni  esa taom egandan 2 soat o`tgach, ichish tavsiya etiladi.  

Aslida biz hozir ham taom eyish uchun shuncha vaqt sarflaymiz hamda o`sha miqdordagi mahsulotlarni iste`mol qilamiz. Faqatgina ovqatlanish tartibiga rioya qilmaymiz. To`g`ri ovqatlanish degani foydali mahsulotlarni o`z vaqti va o`rnida iste`mol qilish demakdir. Uzoq, baxtli, sog`lom yashash uchun, albatta, to`g`ri ovqatlanish qoidasiga amal qilishimiz zarur.  

Sog`liqni saqlash vazirligi  

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

 

    Boshqa yangiliklar