Fuqarolari Umra ibodatini ado etishiga ruxsat beriladigan mamlakatlar ro`yxati hozircha e`lon qilinmagan.
Saudiya Arabistonida salkam 8 oylik tanaffusdan so`ng xorij fuqarolarining Umra ibodatlarini ado etishiga ruxsat berilmoqda. Shu kunlarda qirol Abdulaziz nomidagi Jidda xalqaro aeroporti Haj va Umra uchun mo`ljallangan terminalini qayta ishga tushirishga tayyorlamoqda. Bu haqda internet manbalarga tayanib Yuz.uz yozdi.
Terminal hududida qarshi tomonga ketayotgan odamlar yuzma-yuz kelmasligini ta`minlash uchun bir tomonlama harakatlanish tashkil etilyapti, ijtimoiy masofa saqlashni ta`minlashga qaratilgan ishlar bajarilyapti.
Umra ziyoratlarini qayta yo`lga qo`yish uch bosqichda amalga oshiriladi. 4 oktyabrdan boshlangan birinchi bosqichda kuniga 6 ming nafargacha mahalliy fuqarolar va rezidentlarga ibodat amallarini ado etishga ruxsat berilgandi. 18 oktyabrdan boshlab bu kunlik cheklov 15 mingga oshirildi.
Birinchi noyabrdan amal qiladigan 3-bosqichda kuniga 20 ming ziyoratchi muqaddas amallarni bajarishi mumkin bo`ladi.
Islom dunyosining bosh masjidi – Makka shahridagi Masjidul-harom oktyabr oyi o`rtalarida karantindan so`ng qayta ochildi. 1 noyabrdan unga kuniga 60 ming nafargacha musulmon kirishi mumkin bo`ladi.






