O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi 15 sentyabrdagi to`g`ridan-to`g`ri shartnoma doirasida Dori-Darmon kompaniyasidan Hindistonda ishlab chiqarilgan «Oksivin» (gidroksixloroxin) preparatidan bir million qadoq sotib olgan. «Gazeta.uz»ning davlat xaridlari saytidagi ma`lumotlarga asoslanib yozishicha, 10 ta tabletkali bir qadoq dori 7300 so`mdan tushgan.
Koronavirusga qarshi kurash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan 46-son bayoni bilan o`qituvchilarga tavsiya tariqasida gidroksixloroxin va rux (sink) preparatlarini tarqatish taklifi ma`qullangan, bundan ko`zlangan maqsad – maktablarda pandemiyaning noxush oqibatlari va o`qituvchilarning koronavirus bilan kasallanishining oldini olish. Ushbu qarorni qabul qilishda sog`liqni saqlash sohasidagi etakchi mutaxassislar (E.Bositxonova, N.Parpiev, I.Liverko, L.To`ychiev, H.Oqilov) fikri inobatga olingan.
Respublika maxsus komissiyasi bayoni bilan gidroksixloroxin va ruxni to`g`ridan-to`g`ri Dori-Darmon kompaniyasidan sotib olish va tibbiyot punktlari orqali o`qituvchilarga tarqatish haqida ko`rsatma berilgan. Hujjatda Dori-Darmon kompaniyasi O`zbekistonga allaqachon 1 million qadoq gidroksixloroxin (200 mg №10) olib kirayotgani ko`rsatib o`tilgan. Dori vositalarini Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan sotib olish haqida topshiriq berilgan.

Avvalroq Xalq ta`limi vazirligi o`qituvchilar orasida gidroksixloroxin va ruxni bepul taqsimlash uchun Xalq ta`limi va Sog`liqni saqlash vazirliklari tomonidan qo`shma buyruq qabul qilingani haqida xabar bergan edi. Viloyatlardagi xalq ta`limi boshqarmalari ham dori vositalari solingan qutilarni qabul qilib olgan.
Gidroksixloxin dunyoda
Gidroksixloroxin – bezgak (malyariya), revmatoid artrit, yuvenil surunkali artrit, diskoid va tizimli qizil yugurik (volchanka), quyosh nuri ta`sirida yuzaga kelgan yoki kuchaygan teri kasalliklarida tavsiya qilinadigan dori vositasi.
Pandemiya boshida dastlabki «kuzatuv» darajasidagi klinik tadqiqotlar sabab ushbu dori vositasiga katta umid bildirilgan edi. Biroq ushbu tadqiqotlar kam sonli bemorlar (36 kishi) bilan lozim darajadagi nazoratsiz o`tkazilgan. Gap fransuz virusologi Dide Raulning 20 martdagi maqolasi haqida bormoqda – unda olim gidroksixloroxinni azitromisin bilan birga qo`llash natijasida virusning yuklamasi pasayganini tavsiflagan.
Gidroksixloroxin O`zbekistonda
O`zbekistonda gidroksixloroxindan pandemiya boshidan beri foydalanilmoqda. Sog`liqni saqlash vazirligi va Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasi (ISSMP) 13 iyul kuni koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo`yicha qo`shma klinik qo`llanmani tasdiqladi. Nufuzli Lancet tibbiyot jurnalida ushbu preparatning samarasiz ekani haqida maqola e`lon qilingach, qo`shma klinik qo`llanmadan gidroksixloroxin chiqarib tashlangan edi.
Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash bo`yicha shtab a`zosi, professor Habibulla Oqilov O`zbekistonda «Plakvenil» (gidroksixloroxin) bilan 12 ming kishi davolanganini aytdi. Avgust oyi boshida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida professor ushbu preparatni qo`llash masalasida O`zbekiston JSSTning tavsiyalariga emas, balki o`z tajribasiga tayanishini ma`lum qildi.
Ayni vaqtda u O`zbekistonda bemorlar aynan gidroksixloroxin sabab sog`ayib ketganini tasdiqlovchi tadqiqotlar o`tkazilmaganini tan olib, hozir bunday tadqiqotlarga vaqt ham, zarurat ham yo`qligi ta`kidlanmoqda.
Matbuot anjumanida Dori-Darmon kompaniyasi boshqaruvi raisi Umida Solihboeva «Plakvenil» atrofidagi muhokamalarni «siyosiy masala» deb atagandi. Uning so`zlariga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligining qarori standart hisoblanadi. «Amaliyotchi shifokorlarga quloq solish kerak, o`zicha sayt ochib olib, aholini chalg`itadigan qandaydir folbinlarga emas», – degandi u.
Oxir-oqibat ushbu dori vositasi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan uyda davolanayotgan bemorlarga bepul tarqatiladigan to`plam ichida qoldi. Davlat organlari ushbu dorini sotib olishda va uning foydasi haqida bong urishda davom etmoqda. Masalan, Sog`liqni saqlash vazirligi 9 oktyabr kuni Dori-Darmon'dan 2,1 milliard so`m evaziga 300 ming qadoq gidroksixloroxin sotib olgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati 20 oktyabr kuni koronavirusga qarshi kurash bo`yicha shtab a`zosi E`zozbek Rizaevning intervyusini e`lon qildi, unda gidroksixloroxin preparati O`zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda ijobiy natija bergani ta`kidlanadi.
«Bizga ma`lumki, virus inson organizmiga kirgan paytda nafas yo`lining yuqori qismida o`rtacha to`rt kun davomida saqlanib turadi. Gidroksixloroxin kasallikning ayni mana shu davrida o`zining yuqori samaradorligini namoyish etadi. Ammo virus o`pkaga etib borganidan so`ng gidroksixloroxin foyda bermaydi. Shu sababdan ham kasallikning boshlang`ich davrida ushbu preparatni qo`llash foyda bermoqda», – degan Rizaev.
E`zozbek Rizaev Marsel universiteti tadqiqotiga asoslanib fikr bildirgan -- unga ko`ra, kasallikning ilk kunlarida gidroksixloroxin qabul qilgan 6 bemorning 5 nafari 6-7 kunda sog`aygani, aksincha, gidroksixloroxin berilmagan bemorlarning ahvoli 14-20 kungacha yaxshilanmagan. Shtab a`zosining ta`kidlashicha, «tajribadan ham ko`rinib turibdiki, ushbu dori kasallikning ilk kunlarida qo`llanilganda 83 foiz holatda samarador».
O`tgan juma Fransiya farmasevtika agentligi (ANSM) gidroksixloroxinni keng qo`llashni, avvalo, mamlakat tibbiyot muassasalarida ushbu preparatdan foydalanishni taqiqladi. «TASS»ning yozishicha, ushbu qaror preparatdan foydalanish bo`yicha Marsel universitetining «Meditarrene enfekson» gospitalidan tushgan so`rovni ko`rib chiqish yakunlari bo`yicha qabul qilingan. Gospitalga ushbu preparatdan keng qo`llayotgan va nomi yuqorida zikr etilgan professor-virusolog Dide Raul rahbarlik qiladi.
Olim pandemiya boshidan beri gidroksixloroxinning yuqori samaradorligini isbotlashga urinadi, biroq u tibbiyot instansiyalari va turli ekspertlarning qattiq qarshiligi va keskin tanqidlariga duch kelmoqda. Dide Raul OAVdagi bahs-munozaralarini bir kun bo`lsa-da to`xtatmagan. Fransiyada ushbu dori vositasi Sanofi korporasiyasi tomonidan Plaquenil («Plakvenil») nomi bilan chiqariladi.
Biroq Farmasevtika agentligi o`z qarorida yangi koronavirusga qarshi kurashda gidroksixloroxindan foydalanishni Fransiyada to`liq taqiqlaganini e`lon qilmagan. Shifokorlar hali ham «har bir holatni individual ko`rib chiqish» va istisno tariqasida bu dorini tavsiya qilishi mumkin. Ular bemorlarni ushbu doridan foydalanishning noxush oqibatlaridan, xususan, yurak qon-tomir tizimiga salbiy ta`siridan boxabar qilishlari shart – Fransiya farmasevtika agentligining ma`lumotlariga ko`ra, dorining aynan yurak qon-tomir tizimiga salbiy ta`siri ayniqsa kuchli.