Bir guruh o‘qituvchilar attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berdi. “Xalq ta’limi info”ning xabar qilishicha, ular attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan da’vo arizasi kiritdi.
Voqea nega sudgacha oshdi?
O‘zbekistonda 15 apreldan 14 maygacha pedagoglar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi.
Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi.
Attestatsiya natijalariga ko‘ra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plab, ijobiy natijalar qayd etdi.
Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qoldi. Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko‘rsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58,9 foiz) pedagoglar attestatsiyadan o‘tolmagan.
Bir guruh pedagoglar nimadan norozi?
Attestatsiya test sinovlari davom etayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fan o‘qituvchilarining attestatsiyada tushgan test savollaridan norozi ekanligi aks etgan xabarlar tarqaldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov esa test topshiruvchilar o‘zining balidan qoniqmagan bo‘lsa yoki berilgan savol spetsifikatsiyadan tashqari deb hisoblanayotgan bo‘lsa, shuningdek u yerda xatolik bor deb hisoblasa, appelyatsiya berishi lozimligini eslatdi.
Ammo attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborildi. Bu esa pedagoglarning turli xil e’tirozlariga sabab bo‘ldi.