1

"Elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori". Prezident 4 ta kompaniyaning uch yillik moliyaviy modeli va biznes rejalarini ishlab chiqish vazifasini qo`ydi

Siyosat 26.10.2020, 18:52
"Elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori". Prezident 4 ta kompaniyaning uch yillik moliyaviy modeli va biznes rejalarini ishlab chiqish vazifasini qo`ydi

Prezident Shavkat Mirziyoev elektr energetikasi korxonalarini transformasiya qilish bo`yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi. 

Bu sohadagi tizimli o`zgarishlar davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 fevralda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi yoqilg`i-energetika tarmog`ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bilan boshlangan edi. Hujjatga muvofiq, Energetika vazirligi tashkil etilib, sohada boshqaruv va tijorat funksiyalari ajratildi.

Shuningdek, 2019 yil 27 martdagi “O`zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog`ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to`g`risida”gi Prezident qarori bilan sobiq “O`zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati negizida 3 ta yo`nalish bo`yicha alohida kompaniyalar – “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.

Energetika sohasiga xususiy investisiyalar kirib kelishi uchun zamin yaratildi. Natijada bir yilning o`zida davlat-xususiy sheriklik asosida 2 milliard dollarlik to`g`ridan-to`g`ri sarmoyalarni jalb qilish, 2 ming 700 megavatt quvvatli 6 ta yangi elektr stansiyasini qurish bo`yicha loyihalar boshlandi.

Endi oldinda transformasiyaning yangi bosqichi, ya`ni, stansiyalarni modernizasiya qilish, energiya tejamkorlikni oshirish, tannarxni pasaytirish va istiqbolda elektr energiyasining raqobatli bozorini yaratish vazifalari turibdi.

Yig`ilishda shu yo`nalishlardagi muhim chora-tadbirlar muhokama qilindi. Avvalo, korxonalarni modernizasiya qilish masalasiga e`tibor qaratildi.

Bugungi kunda elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori. Bundan tashqari, eski quvvatlarda yoqilg`i sarfi yangi bug`-gaz qurilmalariga nisbatan 2 baravar ziyod.

Shu bois modernizasiya ishlarini davom ettirish, lekin buni oldingidek davlat kafolati hisobiga emas, balki xususiy kapitalni jalb qilish orqali amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

“O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobotlarni jahon standartlari asosida tayyorlash tizimiga o`tish kerakligi ta`kidlandi.

Bu xalqaro kredit reytingi olish, kelgusida evroobligasiyalar chiqarishda muhim omil bo`ladi. Mutasaddilarga shu maqsadlardan kelib chiqib, mazkur 4 ta kompaniyaning uch yillik moliyaviy modeli va biznes rejalarini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Transformasiya jarayonlariga ko`maklashish uchun korxonalar boshqaruviga va kuzatuv kengashlariga chet ellik mutaxassislar jalb qilinishi bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Hozirda elektr energiyasi ulgurji bozori qoidalari belgilanmagani sababli investorlar bilan energiyani qat`iy narxlarda xarid qilish bo`yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolanmoqda. Bunday yondashuv kelgusida raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin. Shu bois elektr energiyasi raqobatli bozoriga o`tish bosqichlari va qoidalarini belgilovchi hujjat ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi.

Sohaga ilg`or texnologiyalarni keng joriy etish, “raqamli transformasiya”ni amalga oshirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda yangi loyihalarning ijrosiga ham e`tibor qaratildi. Ma`lumki, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda quyosh, Buxoro va Qoraqalpog`istonda shamol, Sirdaryo va Surxondaryoda issiqlik elektr stansiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni jadallashtirish, ularga davlat-xususiy sheriklik asosida investisiyalar yo`naltirish muhimligi aytildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar hisobot berdi.   

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1