Qirg`izistonning sobiq bosh vaziri Sapar Isakovga nisbatan davlatlararo qidiruv e`lon qilindi. Bu haqda Qirg`iziston Jazoni ijro etish davlat xizmatiga tayanib, «24.kg»ga tayanib Daryo xabar berdi.
Shuningdek, qidiruv Bishkekning sobiq meri Albek Ibraimovga nisbatan ham e`lon qilingan. Unga nisbatan avvalroq jazodan qochish holati bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Eslatib o`tamiz, 5 oktyabr kuni Bishkekda hukumatni qo`llab-quvvatlovchi ikki partiya g`olib chiqqach parlament saylovlari natijalariga qarshi namoyishlar boshlandi. Tinch boshlangan aksiyalar kechga borib huquq-tartibot organlari bilan to`qnashuvlarga aylanib ketdi. Bir necha yuz kishi yaralandi, bir kishi vafot etdi.
6 oktyabr tongida namoyishchilar Qirg`iziston parlamenti va prezident ma`muriyati joylashgan binoni egalladi. Shundan so`ng namoyishchilar Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi binosiga qarab yo`l oldi va maxsus xizmat xodimlari bilan muzokaralardan so`ng ular sobiq prezident Almazbek Atambaevni o`tgan yildan buyon hibsda saqlanayotgan MXDQ tergov izolyatoridan ozod qildi.
Shuningdek, tartibsizliklar vaqtida Bishkek meriyasi binosiga bostirib kirgan namoyishchilar «Respublika» partiyasidan Qirg`iziston parlamenti deputatligiga nomzod Jo`shbek Qo`yinalievni shahar meri deb e`lon qilgandi.
Tartibsizliklargacha shahar meri lavozimida ishlab kelgan Aziz Surakmatov 20 oktyabr kuni iste`foga chiqqan. U shaharga rahbarlik qilish uchun o`zining birinchi o`rinbosari Narimon Tuleevni ko`ndirgan, biroq Tuleev Qirg`iziston poytaxti rahbari majburiyatlarini bajarishdan bosh tortgan va mer vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib merning birinchi o`rinbosari Almaz Baketaev tayinlanishini bildirgan.






