Rossiyaning «Vektor» virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi mamlakatdagi koronavirusga qarshi ikkinchi vaksinani ishlab chiqarishni boshladi. Meduza’ning «RIA Novosti»ga tayanib xabar berishicha, bu haqda «Rospotrebnadzor» rahbari Anna Popova ma`lum qilgan. «EpiVakKorona» Rossiyaning koronavirusga qarshi ikkinchi vaksinasidir. Ushbu vaksina uchun sentyabr oyi oxirlarida patent olingan. Vaksina mushak ostiga jo`natiladigan suspenziya shaklida ishlab chiqariladi. Rossiyada patentlangan va ro`yxatga olingan COVID-19’ga qarshi birinchi vaksina Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya markazi tomonidan yaratilgan «Sputnik-V» vaksinasidir. Yana bir vaksina klinik sinovlardan o`tkazilmoqda. Anna Popovaning aytishicha, «koronavirus infeksiyasiga qarshi har bir vaksina o`z maqsadli auditoriyasiga ega bo`ladi». Shifokorlar muayyan bemorga qaysi vaksinani tayinlashni tanlashi mumkin bo`ladi. «Rospotrebnadzor» ma`lumotlariga ko`ra, vaksinada tirik virus yo`q bo`lib, u sintezlangan sun`iy peptidlar hisobiga immunitetni shakllantiradi. Idora ma`lumotlariga ko`ra, mazkur dori vositasi yuqori darajali xavfsiz hisoblanadi. «EpiVakKorona»ning ko`ngillilar ishtirokidagi tadqiqoti 27 iyul kuni boshlangan, 8 sentyabr kuni stasionardan sinov ishtirokchilarining so`nggi guruhiga javob berilgan. Barcha ishtirokchilarda immunitet shakllangan. Vaksina klinik sinovlargacha bo`lgan bosqichda ham o`z samaradorligini namoyon etgan. | |
27.10.2020 22:13
Rossiyada koronavirusga qarshi ikkinchi vaksinani ishlab chiqarish boshlandi
