2020 yil 12 oktyabrning jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat Karmana tuman sudining ochiq sud majlisi o`z binosida MChJda haydovchi bo`lib ishlaydigan – sudlanuvchi I.U. (ism-familiyasi o`zgartirilgan)ga nisbatan bo`lgan jinoyat ishini ko`rib chiqdi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo`yicha Uchquduq tuman sudi raisi Jahongir KARIMOV xabar qildi...
U o`ta og`ir jinoyat — o`z onasini urib o`ldirgani uchun jazoga mahkum qilindi
Ma`lum bo`lishicha, 26 yoshli yigit 2020 yilning 6 iyuldan 7 iyulga o`tar kechasi tungi vaqtda spirtli ichimliklar iste`mol qilib, mast holatda o`zi istiqomat qiladigan Karmana tumanidagi uyiga boradi. Uyda bo`lgan rafiqasi bilan og`zaki tortishib qoladi. O`zaro janjallashib, o`rtalarida kelib chiqqan nizoni bartaraf etish uchun kelgan onasi bilan ham janjallashib, uni tanasining turli sohalariga urib, unga qarshilik ko`rsatgan onasining qo`lida bo`lgan xom g`isht bo`lagini tortib oladi. Urayotgan vaqtida onasi zarbadan qochish maqsadida egilgani natijasida xom g`isht bo`lagi uning bosh qismini ensa sohasiga tegib, tan jarohati etkazgan.
Onasi olgan og`ir tan jarohati yuzasidan Karmana tuman Tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo`limida ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, 2020 yil 10 iyul tongida vafot etgan.
“Onamga mast bo`lganim sababli e`tiroz bildirdim”
Sudda so`roq qilingan sudlanuvchi aybiga to`liq iqrorlik bildirdi...
— 2020 yilning 6 iyulida uyga kelib, ovqat tayyor bo`lguniga qadar yana bir marta kira qilib kelishimni aytdim. Uyimdan mashinamda ketdim va Hazora qishlog`ini markaziga borib, mijozlarni kutdim. Mijoz kelmagach, uyga ketayotgan vaqtimda xolamning o`g`li bilan uchrashib qoldim. O`zaro kelishib, u bilan spirtli ichimlik iste`mol qilish maqsadida markazdagi do`kondan 4 yoki 5 baklashka pivodan olib ichdik. Kech bo`lib qolganidan so`ng xolamning o`g`li o`rtog`ini mashinani boshqarish uchun chaqirdi. O`rtog`i kelganidan so`ng biror bir kafeda o`tirish maqsadida Navoiyga bordik. Kechasi bilan ishlaydigan do`konga borib, non, kolbasa va 4 shisha pivo olib uyga qaytdik. Xolamning o`g`lini uyida qoldirib, o`zim uyga bordim. Xotinim va ukam uydan chiqib, darvozani ochishdi. Xotinim ovqatni olib kelavermagach, oldiga kirganimda onamning oldiga kirib o`tirganini ko`rib, “Nega ovqat qilmading?”, dedim. “Spirtli ichimlik iste`mol qilganimni yuzimga solib mensimadi. So`ng o`rtamizda janjal kelib chiqdi. Xotinim onasining uyiga ketishini aytganidan jahlim chiqib, u bilan tortishib ketdim. Shu vaqtda u uydan chiqib qochdi. Orqasidan chiqdim, onam bilan ukam ham orqamdan chiqishdi. Xotinimni tandirxonaga yashirinib olganini bilib yoniga bordim va qo`lidan tortib “uyingga olib borib tashlamoqchiman”, dedim. Onam bilan ukam meni orqamdan tortishdi, ularga qarshilik ko`rsatolmadim. Shu vaqtda onam meni qo`llaridagi kessak bo`lagi bilan boshimning orqa qismiga urdi. Ularga qarshilik ko`rsatdim, shu orada xotinim qo`limdan chiqib qochdi. Ukam ham mendan qochdi, qochib ketmasligi uchun ulardan jahlim chiqqani sababli orqasidan quvdim. Qilgan harakati uchun jazolamoqchi bo`ldim. Lekin ushlay olmaganimdan so`ng hovliga qaytib kelib, onamga qarab gapirib borayotgan vaqtimda onam tandirxonani yonidagi qurilishi bitmagan xona poydevorini ichiga kirdi. Onamga e`tiroz qilib, “Nega oilamga aralashasiz?” dedim. Onam yana meni ura boshladi, so`ng men ham onamni qo`lim bilan bir necha bor urdim va qo`lida bo`lgan kessak bo`lagini tortib olib urdim. Shu vaqtda onam zarbadan qochaman deb boshini pastga qilib egildi. Kessak bo`lagi u kishining boshini orqa tomoniga tegdi va dovdirab ketdi. Qo`limdagi kessak bo`lagini o`sha erga tashlab, onamni yonidan itarib yubordim. Onam erga yiqilib, yonbosh bo`lib qoldi. So`ng xotinimni topish maqsadida hovlidan izladim. Shu vaqtda hovliga qo`shnim kirib keldi. Uning orqasidan esa profilaktika inspektori keldi. So`ng profilaktika inspektori men mast holda bo`lganim sababli Navoiy shahar IIBning hushyorxonasiga olib borib joylashtirib ketdi. Ertasi kuni uyimga borib, kiyimlarimni almashtirib shifoxonaga bordim. Onamga tan jarohati etkazish maqsadim bo`lmagan. Xotinim bilan janjallashdim, onamga mast bo`lganim sababli e`tiroz bildirdim. Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. Qonuniy engillik berishingizni so`rayman.
“U avval ham turli bahonalar qilib onam bilan janjal qilardi”
Sud majlisida so`roq qilingan jabrlanuvchining qonuniy vakili — qizi holatni quyidagicha izohladi...
— Sudlanuvchi ukam bo`ladi. Ukam oldindan juda qiziqqon bo`lgan. U onamga turli bahonalar qilib, ularni tashlab ketganini aytib og`zaki janjal qilib kelardi. Ichib kelsa janjal qilardi, yaqin orada ikki marta onamning uyiga borganimda ham ukam janjal qilgandi. 2020 yilning 7 iyuli ertalab kichkina ukamga “sms” xabar yubordim. Unga qo`ng`iroq qilganimda, “Akam onamni urdi. Tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketdik. Yangam onam bilan birga”, dedi. Shu kuni kelinim ham qo`ng`iroq qilib “oyimni reanimasiyaga olib kirib ketishdi”, dedi. So`ng shifoxonaga etib bordim. Onamni operasiya qilishlariga rozilik berib, tilxat yozdim. Operasiya amalga oshirilganidan so`ng onam jarohatni ko`tarolmay, 10 iyul ertalab vafot etdi. Ukamni IIB xodimlari olib ketishdi...
Jabrlanuvchining qonuniy vakili hozirgi kunda sudlanuvchi ukasiga hech qanday da`vosi yo`qligi, unga nisbatan qonuniy engillik berishni bildirib ko`rsatma berdi.
Sudlanuvchi JK 104-moddasi 3-qismining “d” bandida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu moddaga asosan JKning 57-moddasini qo`llab, 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
S.ALLABERGANOVA, jurnalist