AsosiySalomatlik

Mutaxassis "A" gepatiti yuqishining asosiy sabablarini aytib berdi

'Mutaxassis "A" gepatiti yuqishining asosiy sabablarini aytib berdi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Erkin MUSABOEV bilan bo`lgan suhbatni e`lon qildi. Professor gepatologiyaning dolzarb masalalari, undan saqlanish jigar kasalliklarining oldini olish va erta aniqlashda borasidagi ko`pchilikni qiziqtiradigan savollarga javob berdi.

– Suhbatimizni bugun bolalar o`rtasida tez-tez uchrayotgan Gepatit A kasalligi kelib chiqishi sababi, oldini olish yo`llari haqida boshlasak.

– Gepatit “A” kasalligini “iflos qo`llar” kasalligi deb atalishi bejiz emas. Bu kasallik virusi yuqishida shaxsiy gigienaga to`la rioya etmaslik, tozalik, ozodalikka etarli e`tibor bermaslik, qaynatilmagan suv ichish asosiy sabab bo`ladi. Gepatit “A” yuqishi oldini olishning oson yo`li emlashdir. Bolani bog`chaga, maktabga berishdan oldin albatta emlatish kerak. Ota-onalarga bu haqda targ`ib qilishda patronaj hamshiralarning roli katta. Bundan tashqari, har gal oila ko`rigiga borganingizda xonadonda qaynatilgan suv ichiladimi, tozalik, ozodalik muhiti talab darajasidami, bunga ham e`tiborli bo`lishingiz lozim.

– Gepatit “A” ning ilk alomatlari qanday namoyon bo`ladi?

– Bolada holsizlik va charchoq kuzatiladi, ishtahasi bo`lmaydi. Isitma chiqishi, ichi ketishi mumkin. Gepatit “A” da har doim ham tanaga sariqlik urib chiqmaydi, ba`zi holatlarda sariqsiz kechishi mumkin. Ana shunisi nisbatan xatarli, chunki, ota-ona bolam shamolladi yoki diareya bo`ldi, deb o`z bilganicha davolab, bemorning ahvolini yanada og`irlashtiradi. Bu boshqalarga virus yuqishi xavfini ham orttiradi.  

– Gepatit “A” bilan xastalangan bolalarni jismoniy mashg`ulotlarga jalb etish mumkinmi?

– Gepatit “A” ning og`ir shaklini o`tkazgan bemorlar uch oygacha jismoniy tarbiya, navbatchilik, transportda uzoq yurishni talab etuvchi ortiqcha harakatlardan cheklanishi lozim. Shuningdek, xonadon sharoitida ham ularni to`g`ri ovqatlantirish, dam olishi uchun qulay sharoit yaratish, og`ir jismoniy ishlardan ozod etish kerak.  

– Ba`zilar jigar kasalliklarini davolashda dori-darmonlar o`rniga tabiiy giyohlar ichish yaxshi foyda beradi, deb o`ylaydi. Shu to`g`rimi?

– Noto`g`ri. Jigar kasalligini asosan viruslar keltirib chiqaradi. Shu bois bemorni chuqur tekshiruvdan o`tkazib, virus turini aniqlab aniq davo choralarini ko`rmaguncha, jigar tiklanmaydi, aksincha, kasallik rivojlanib boraveradi. Maxsus davo kurslarini to`liq qabul qilib bo`lgach, keyinchalik profilaktika maqsadida shifokor tavsiyasi asosida tabiiy giyohlar ichsa bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar