SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Barno Abdusamatovaning ma`lum qilishicha, rentgen natijalariga ko`ra koronavirus tashxisini qo`yish mumkin emas.
" -- Rentgen xulosasi ushbu kasallikni tasdiqlab bermaydi. Bu noto`g`ri fikr. Chunki o`pkaning surunkali kasalliklari xuruji va boshqa kasalliklar tufayli kechayotgan o`pkadagi o`zgarishlar ham rentgenda aks etishi mumkin.
Rentgen va MSKT tekshiruvlari bunday tashxisni qo`yish uchun asosiy tekshiruv usullariga kirmaydi, balki yordamchi qo`shimcha usullarga kiradi.
Shuningdek, kasallikning turi, ya`ni engil, o`rta, o`rta og`ir va og`ir kechishini biz rentgen tasvirlariga qarab qo`ya olmaymiz.
Chunki kasallik kechishini biz har bir bemorga individual qaragan holda, unda kechayotgan klinik belgilari, qonning kislorod bilan to`yinish darajasi, maxsus laborator tekshiruvlar natijalariga qarab qo`yishimiz mumkin.
Ushbu kasallikda JSST va barcha yuqori malakali mutaxassislar fikriga ko`ra, eng ishonchli tashxisni tasdiqlovchi usul bu virusning o`zini aniqlovchi PZR (polimeraza zanjir rekasiyasi) usulidir.
PZR tahlilda — yuqori nafas yo`llari shilliq qavatidan olingan namunada koronavirusning genetik materiali (RNK) bor yoki yo`qligi aniqlanadi. Namuna olish nisbatan tez va og`riqsiz kechadi. Bu analiz kasallikning inkubasion (yashirin) davrida ham ijobiy natija olish va barvaqt tashxis qo`yish imkonini beradi.
Virus organizmga kirganiga 5-7 kun bo`lgandan boshlab musbat natija olish mumkin," dedi B.Abdusamatova.






