Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global iqtisodiy inqiroz va dunyoning ayrim hududlarida yuz berayotgan beqarorlik yana bir jahon urushining xavfini tug`dirishi mumkin, deya ogohlantirdi Buyuk Britaniya qurolli kuchlari rahbari. Bu haqda tarjumon.uz ma`lum qildi.
Buyuk Britaniyaning Mudofaa shtabi boshlig`i Nik Karter 8 noyabrdagi Xotira kuni marosimida bergan intervyusida jahonning turli mintaqalaridagi ziddiyatlarning kuchayishi oxir-oqibatda keng mojarolarga olib kelishi mumkinligini aytdi.
«Menimcha, hozirda biz dunyo juda beqaror va xavotirli bo`lgan bir paytda yashayapmiz. Albatta, davlatlarning o`zaro raqobat qilishi hayotimizning o`ziga xos xususiyati hisoblanadi. Lekin, o`ylaymanki, ayni paytda davom etayotgan ko`plab mintaqaviy mojarolar biz uchun eng katta xavfdir” deya Karterning so`zlarini keltirdi Sky News.
Ushbu mintaqaviy mojarolar yana bir jahon urushi bo`lishi borasida jiddiy xavf mavjudligini anglatadimi degan savolga Karter shunday javob berdi: «Men buni xavfli deb aytmoqdaman va biz bu xavflarni anglashimiz kerak».
«Shuni yodda tutishimiz kerakki, tarix aynan takrorlanmasligi mumkin, ammo uning ritmi bor. Agar o`tgan asrga nazar tashlasangiz, ikkala jahon urushidan oldin ham mintaqaviy mojarolar bo`lganligi ko`rasiz», deydi Karter.






