20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Inson huquqlari Milliy markazi, Xalq ta`limi vazirligi hamda Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti tomonidan onlayn ko`rik-tanlov o`tkazilmoqda. Tanlovda 7 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan O`zbekistonning barcha o`quvchi-yoshlari ishtirok etishi mumkin. Tanlov shartlari quyidagicha: 1. Eng yaxshi ijro etilgan qo`shiq. Bunda joriy yilda BMTning 75 yilligiga bag`ishlangan “UN75” onlayn-tadbirida O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ijodiy rahbarligida O`zbekiston Qahramoni, shoir Erkin Vohidovning “Inson” qasidasi o`zbek, qozoq, turk, arab, ingliz, rus, italyan va tojik tillarida kuylangan qo`shiqni ijro etib, bizga yuboring; 2. Bola huquqlariga oid eng ta`sirli tayyorlangan videorolik. Bunda ijodiy yondashgan holda bolalar huquqlariga oid roliklar tayyorlab yuborishingiz mumkin; 3. Bola huquqlariga oid eng ma`noli chizilgan rasm. 4. Eng yaxshi tayyorlangan “Bola huquqlari”ga oid huquqiy ma`lumotlar. Sizning ijroingizda, videorolik ko`rinishida. Materiallar telegramdagi quyidagi manzillar orqali qabul qilinadi: @YoshlarParlamenti_Senat @Respublikatanlov Baholash me`zonlari quyidagicha: Ijodiy ishning mavzuga mosligi – 50 ballgacha; Ijodiy ishning ta`sirchanligiga – 50 ballgacha; Tanlovda 4 ta yo`nalish bo`yicha 3 nafardan mutloq g`olib va Respublikamizning barcha hududlaridan 1 nafardan eng faol ishtirokchilar aniqlanadi. G`oliblarga diplom va esdalik sovg`alari topshiriladi. Mazkur tanlovga joriy yilning 7 noyabr kuni start berilib, 2020 yil 19 noyabrgacha davom etadi. Tanlov g`oliblari 20 noyabr kuni Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e`lon qilinadi. |
11.11.2020 18:07
Butunjahon bolalar kuni munosabati bilan onlayn ko`rik-tanlov o`tkazilmoqda






