1

Tug`ilganlikni qayd etish bilan bog`liq kompleks davlat xizmatlari ko`rsatiladi

Jamiyat 11.11.2020, 23:46
Teglar: Tug`ilganlikni qayd etish
Tug`ilganlikni qayd etish bilan bog`liq kompleks davlat xizmatlari ko`rsatiladi

Hukumat qarori (704-son, 10.11.2020 y.) bilan Tug`ilganlikni qayd etish bilan bog`liq kompleks davlat xizmatlarini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot"  xabar berdi.

 Unga ko`ra, bola tug`ilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tug`ilganidan so`ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma`lumotlarni “Tug`ilish va o`limni, shu jumladan perinatal o`limni elektron ro`yxatga olish” axborot almashinuvi tizimiga kiritadi.

 Ma`lumotlar avtomatik ravishda "FHDYo yagona elektron arxivi" axborot tizimiga yuboriladi. 

FHDYo bo`limi ma`lumotlarni qabul qilib olganidan so`ng 3 ish soati ichida ko`rib chiqadi va bolaga tug`ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtiradi. 

Ma`lumotlar kompleks tartibda boshqa xizmatlarni ko`rsatish uchun avtomatik ravishda Ichki ishlar, Maktabgacha ta`lim, Sog`liqni saqlash vazirliklari hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi axborot tizimlariga yuboriladi.  

 Shunga ko`ra:

 Tuman (shahar) ichki ishlar bo`limi – bolani 1 kun ichida tegishli manzil bo`yicha doimiy ro`yxatga qo`yadi;

 Maktabgacha ta`lim vazirligi – maktabgacha ta`limni boshqarishning axborot tizimida so`rovda ko`rsatilgan bog`chaga bolani avtomatik ravishda navbatga qo`yadi;

Sog`liqni saqlash vazirligi – 1 ish kuni ichida ona ro`yxatda turgan poliklinikaga (ro`yxatda turmagan taqdirda doimiy yoki vaqtincha ro`yxatda turgan yashash manzilidagi poliklinikaga) bolani ro`yxatga qo`yadi;

 Pensiya jamg`armasi bo`limi – farzand tug`ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini avtomatik ravishda rasmiylashtiradi.   

 Bolaning otasi yoki onasi bola tug`ilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilishi mumkin (6 oydan keyin murojaat qilinsa, bir martalik nafaqani to`lash rad etiladi).

Tug`ilganlikni qayd etish bilan bog`liq kompleks davlat xizmatlari Toshkent va Nukus shaharlarida, 2021 yil 1 fevraldan barcha viloyat markazlarida, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab butun respublika hududida ko`rsatiladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1