Ba`zi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federasiyasi hukumatining 2020 yil 6 noyabrdagi № 2883-r farmoyishi mehnat migrantlari uchun kvotalarning qisqarishi ma`nosida noto`g`ri talqin qilinmoqda, deydi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo`ja Norov.
Ta`kidlanishicha, Rossiya bosh vaziri tomonidan qabul qilingan mazkur kvotalar mehnat migrantlariga emas, balki chet elliklar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga Rossiyada vaqtincha yashash uchun beriladigan ruxsatnomalarga (RVP) taalluqli, ya`ni kvotaning patent olishga ta`siri yo`q.
Mazkur farmoyishga ko`ra, 2021 yilda chet elliklar va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga Rossiyada vaqtincha yashash uchun jami 39 325 ta, shu jumladan hududlar kesimida ruxsatnoma berish belgilangan.
Rossiya iqtisodiyotiga xorijiy ishchi kuchini jalb qilish parametrlari esa soha va hududlar kesimida Hukumatning alohida qarori bilan belgilanadi. Masalan, 2020 yil uchun bunday qaror qabul qilingan, 2021 yil uchun xorijiy ishchi kuchini jalb qilish parametrlari hali belgilanmagan.






