Shu yil sentyabr oyida bo`lib o`tgan test sinovlarida omadi kelmagan Qoraqalpog`istonning Mo`ynoq, Taxtako`pir va Qorao`zak tumanlaridan topshirgan abiturientlar o`qishga qo`shimcha qabul qilinadi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Buning uchun abiturient eng kamida 56,7 ball to`plagan bo`lishi kerak (maksimal 189 ballning 30 foizi) va tibbiyot yo`nalishlaridan boshqa sohani tanlashi darkor. O`qishga to`lov-shartnoma asosida qabul qilinadi va o`qishni tugatgandan keyin shu hududlarda kamida 5 yil ishlab berishi kerak.
Ertaga, 13 noyabrdan boshlab ushbu 3 ta tumanda 4 ta sektor rahbarlari hamda oliy o`quv yurtlari vakillari ishtirokida yuqoridagi talablar asosida o`qishga hoxish bildirgan abiturientlar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv tashkil qilinmoqda.
Mazkur tadbir Prezident Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog`istonga safari davomida berilgan topshiriqning ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Imkoniyatdan mazkur tumanlarda doimiy yashaydigan abiturientlar foydalana oladi va ular Qoraqalpog`iston Respublikasida faoliyat yuritadigan (tibbiyot yo`nalishlaridan boshqa) oliy o`quv yurtlariga o`qishga qabul qilinadi.






