Bu haqda uning yaqinlari Sputnik agentligiga ma`lum qildi.
Jabrdiyda N.N. (ismi o`zgartirilgan) II-guruh nogironligi bo`yicha ro`yxatda turadi va o`z tengdoshlariga nisbatan aqlan zaifroq. Shu bois u o`z vaqtida o`zi bilan yuz bergan holatlarning nechog`lik jirkanchligini anglay olmagan.
Qizning onasining so`zlariga ko`ra, ushbu hodisa bir necha marotaba sodir bo`lgan.
Voqea qanday sodir bo`lgan?
Jabrdiydaning onasining ma`lum qilishicha, u qizining ilmga chanqoqligini ko`rib, odamlarga qo`shilsin degan maqsadda maktabda o`qitishga qaror qilgan. Pandemiya vaqtida onlayn tarzda o`qishi uchun unga planshet sotib olib bergan.
Cheksiz internet tarmog`idan foydalanishi davomida qiz tasodifan pornografik videorolikka guvoh bo`lgan va uni onasiga ko`rsatib, “Bu baxtli hayot, falonchi amaki aytdi...” deya o`zi va qo`shnisi o`rtasida yuz bergan holatlar haqida onasiga aytib bergan. Ona ilk marotaba shunda qizi 65 yoshli qo`shnisi M.M. (ismi o`zgartirilgan) tomonidan zo`rlanayotganligini bilib qolgan.
“Qaynotam “Kelin, bir umr nogiron boqib, uyda o`tirib qoldingiz. Siz ham bundoq ishga chiqib odamlarga qo`shiling” deganligi uchun tumandagi tikuv fabrikasiga ishga joylashgan edim. Pandemiya vaqtida uyimiz derazalarini mixlab qo`ygan edik. Qo`shni o`zining g`arazli maqsadiga etish uchun ana shu mixlarni sug`urib, derazadan tushgan va har gal shu deraza orqali uyga kirib turgan. Qizimni esa “Onangga aytma, baxtli bo`lasan, qizim, nogiron bo`lganing uchun senga bu haqda gapiishrmagan, aslida hamma shunday qilib, erga tegadi” kabi so`zlar bilan aldab kelgan. Og`riqni qoldirish maqsadida yoki homilador bo`lib qolmasligi uchunmi, “Gripp bo`lmaysan” deb qizimga allaqanday dorilar ichirib kelgan”, – deydi jabrdiydaning onasi.
Organlarga murojaat
Ona ayrim sabablarga ko`ra qizi oxirgi marotaba zo`rlanganidan bir oy o`tib, tuman IIBga murojaat qilgan. Biroq ish qizning o`z xohishiga ko`ra yuz berib kelganligi vaji bilan tugatilgan.
Ammo qizning oila a`zolari yuqori huquqni muhofaza qiluvchi organlariga takror murojaat qillavergach, bu ish bo`yicha hozirda qayta tergov ochilgan.
“Qizim avvaldan nogiron bo`lib tug`ilmagan. U bolaligida bir marotaba “sudorgi” bo`lib, e`tiborsiz qoldirilgan. Shuning asorati, u tez-tez tutqanoqqa chalinib turadi. Qolaversa, bo`lgan ishlar unga yomon ta`sir qilganidan esiga tushsa, qayta-qayta gapirib beradigan bo`lib qoldi”, - deydi onaizor.
Qizning onasi pedofillikda gumonlanayotgan shaxsning qayoqqadir g`oyib bo`lgani, tergovga kelayotgan yoki kelmayotgani haqida bilmasligini aytadi. Unga nisbatan bu gal qonuniy chora ko`rilishini istaydi.
Jabrlanuvchining 2020 yil 29 sentyabrdagi arizasiga binoan 2020 yil 4 noyabr kuni Paxtaobod tumani IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan (Shaxsning o`n olti yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon bo`lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish) jinoiy ish qo`zg`atilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






