Hukumat qarori bilan O`zbekistonda 2023 yilda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
2021 yil 1–25 noyabrda Andijon viloyati Xo`jaobod tumani, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani, Xiva shahri hamda Toshkent shahri Yashnobod tumanlarida aholi sinov tariqasida ro`yxatga olinadi.
Butun aholini ro`yxatga olish esa 2023 yil 1–25 noyabrda quyidagicha amalga oshiriladi:
● 1–5 noyabrda aholi internet tarmog`i orqali ro`yxatga olinadi;
● 6–10 noyabrda internet orqali ro`yxatga olingan respondentlar va ularning uy manzillari ro`yxati shakllantiriladi;
● 11–22 noyabrda aholini ro`yxatga olish varag`i shakllari asosida uyma-uy yurib aholi ro`yxatga olinadi;
● 23–25 noyabrda har bir uchastkadagi uy-joy manzillarining 10 foizi tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida o`rganiladi.
Qaror bilan aholini ro`yxatga olish jarayonlariga jalb etiladigan shaxslarga haq to`lash tartibi va miqdorlari tasdiqlandi.
Hujjat haqidagi to`liq ma`lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.






