AsosiyJamiyat

"Qashqadaryoda 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz". Prezident vohalik yoshlardan muammolari va istaklarini aytishini so`radi

'"Qashqadaryoda 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz". Prezident vohalik yoshlardan muammolari va istaklarini aytishini so`radi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda Qashqadaryo viloyatida bo`lib turibdi. 

Davlat rahbari Qarshi shahridagi Yoshlar markazida bo`lib, sharoitlarni ko`zdan kechirdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati. 

Shu erda qashqadaryolik yoshlar bilan uchrashuv o`tkazildi.

- Men sizlarning ko`zlaringga qarab, ochiq muloqot qilgani keldim. Hamma yoshlar bilan ko`rishishni xohlardim, lekin, afsuski, buning iloji yo`q. Siz ularning vakillari o`rnida joylardagi muammolarni, yoshlar istaklarini aytishingizni istardim. Shuning uchun qo`rqmasdan, o`z ota-onalaringga nima deyishni xohlasalaring, hamma fikrlaringni bemalol aytinglar, - dedi davlat rahbari.

Uchrashuvda yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta`minlash, bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo`yicha ochiq muloqot bo`ldi.

Qashqadaryo viloyatida 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz, tadbirkorlik rivoji mamlakatdagi o`rtacha ko`rsatkichdan ancha pastda ekani qayd etildi.

Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash, «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yillik rejaga qo`shimcha mablag` ajratish zarurligi ta`kidlandi.

Davlatimiz rahbari muboraklik yoshlarning taklifini qanoatlantirib, tumanda IT-park tashkil etish, elektron tijorat va dasturlash ko`nikmalarini bepul o`rgatish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.

Kitob tumanidagi 150 o`rinli Bolalar musiqa va san`at maktabida 310 nafar o`quvchi tahsil olmoqda. Mazkur muassasa o`quvchilari uchun etarli sharoit yaratish vazifasi qo`yildi.

Viloyat yoshlarining sportga qiziqishini inobatga olib, maktablarda sport zallari qurish, majmualarda to`garaklarni ko`paytirish zarurligi aytildi. Inventarlar va anjomlar sotib olish uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hisobidan 10 milliard so`m ajratishga ko`rsatma berildi.

Yaqinda Serbiyada o`tgan sambo bo`yicha jahon chempionatida oltin medalni qo`lga kiritgan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi Musharraf Ibodullaeva davlat granti asosida o`qishga o`tkaziladigan bo`ldi.

Uchrashuvda turli sohalarda o`qiyotgan va ishlayotgan yoshlarning fikrlari eshitildi. Takliflari ma`qullanib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

- Mendan eng katta maqsad-muddaoing, baxting nima, deb so`rasalaring, shunday degan bo`lardim: yoshlarimizning dunyoqarashini jahon darajasiga ko`tarish, ishli qilish, g`urur-iftixorini yuksaltirish, oilaviy baxtini ko`rish, - deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.

    Boshqa yangiliklar