2020 yil 9 noyabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani “Eshonguzar” QFYda yashovchi S.N. hamda Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanida yashovchi E.Sh.lar O`zbekiston Respublikasi DXXga ariza bilan murojaat qildilar, deya xabar bermoqda IIV Transportda XTBB.
Unda fuqarolar o`zlarining “Damas” rusumli avtoulovlarida Toshkent viloyati Olmaliq shahri bo`ylab qatnovchi 18-yo`nalishda yo`lovchi tashish uchun lisenziya olib ish boshlamoqchi bo`lganlarida, Toshkent viloyati Olmaliq shahar Oydin bekatida bir necha shaxslar ularga ushbu yo`nalishda faoliyat olib borishlari uchun kuniga 90.000 so`mdan 110.000 so`mgacha (ulush) pul berib turishlari lozimligi, aks holda ularning avtoulovlariga shikast etkazishlari mumkinligi hamda tegishli davlat idoralari tomonidan ularga nisbatan choralar ko`rilishini uyushtirishlarini aytib, ularga tazyiq o`tkazganligini ma`lum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Ariza yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Yu.B., T.N., N.S., I.U. hamda A.A.lar oldindan til biriktirib, Toshkent viloyati Olmaliq shahri hududida qatnovchi 18-yo`nalish bo`yicha yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi haydovchilarga bosim o`tkazib, kuniga 90.000 so`mdan 110.000 so`mgacha pul talab qilayotganlari aniqlandi. Ma`lum bo`lishicha, ular talablariga bo`ysunmaganlarga avtoulovlariga shikast etkazishlari, YHXB va Transport boshqarmasi xodimlarini jalb qilib, reydlar tashkillashtirib, ularga faoliyat bilan shug`ullanishga yo`l qo`ymasliklarini aytib, qo`rqitganlar.
O`zbekiston Respublikasi DXX, O`zbekiston Respublikasi Transport Prokuraturasi, Toshkent transport prokuraturasi hamda O`zbekiston Respublikasi IIV Transportda XTBB xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida Toshkent viloyati Olmaliq shahri Oydin bekatida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida ariza muallifi S.N. hamda E.Sh.dan 1958 yilda tug`ilgan, Toshkent viloyati Oxangaron shahar Qo`rg`on ko`chasida yashovchi T.N. va 1993 yilda tug`ilgan Toshkent viloyati Oxangaron tumani Xonobod ko`chasida yashovchi N.S. bir kunlik Olmaliq shahri ichidagi 18-yo`nalish bo`yicha yo`lovchi tashish uchun 120.000 so`m hamda 90.000 so`m miqdordagi pullarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo`lga olindi.
Ushbu holat yuzasidan shu yil 10 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 2-qism “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






