Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda Qashqadaryo viloyatida bo`lib turibdi.
Ayni daqiqalarda davlat rahbari Qashqadaryo viloyati faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yig`ilish o`tkazmoqda, deya xabar bermoqda Prezident Matbuot xizmati.
Tadbir boshida viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy holati tanqidiy tahlil qilindi.
– Bu erga kelishimdan asosiy maqsad – sizlar bilan birga hudud rivojiga kuchli turtki berish bo`yicha aniq vazifa va chora-tadbirlarni belgilab olish. Qashqadaryo o`zining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning ko`pgina hududlaridan ancha orqada, – dedi davlat rahbari.
Bu zamin ulkan imkoniyatlarga ega. Lekin uning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalar ahvoli bunga mutlaqo mos emas. Oxirgi 10 yil ichida yalpi ichki mahsulotdagi viloyat ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgan.
- Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimizdagi eng past ko`rsatkichlardan biri. Qashqadaryo eli shunga munosibmi? - deya savol qo`ydi Prezident.
Qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishda ilmiy asos va innovasion yondashuv yo`q, viloyat iqlim sharoitiga mos yangi navlar yaratilmagan. O`tgan yili paxta hosildorligi gektariga 19 sentnerni yoki yurtimizdagi eng quyi ko`rsatkichni tashkil etgan. Qishloq xo`jaligi texnikalari etishmaydi. Mahsulotlarni qayta ishlash darajasi ham past.
Shavkat Mirziyoev hududdagi irrigasiya va meliorasiya holatini keskin tanqid qildi. Noto`g`ri sug`orish oqibatida erlarning 45 foizi sho`rlangan. Ayniqsa, bu borada Muborak, G`uzor, Nishon va Kosonda ahvol juda og`ir. 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketgan. Tomchilatib sug`orish jami sug`oriladigan maydonning bor-yo`g`i 2,4 foizida joriy qilingan.
Aholining ichimlik suvi ta`minoti viloyat bo`yicha 50 foizni, xususan, Kosonda 26, Dehqonobodda esa atigi 4 foizni tashkil qiladi. Quvurlarning 60 foizi ta`mirtalab bo`lib qolgan. Qarshi shahrining kanalizasiya tizimi ham eskirgan. Avtomobil yo`llarining 8 ming 700 kilometri yaroqsiz holga kelgan.
Yig`ilishda shu kabi muammolar, mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, Qashqadaryoni kompleks rivojlantirish va aholining hayot sharoitini yaxshilashga doir ustuvor yo`nalishlar muhokama qilinmoqda.












