Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda Qashqadaryo viloyatida bo`lib turibdi.
Ayni daqiqalarda davlat rahbari Qashqadaryo viloyati faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yig`ilish o`tkazmoqda.

Ta`lim va tibbiyot sifati masalasiga to`xtalib o`tildi.
Viloyatning 88 maktabida “smena” ko`rsatkichi yuqori ekani, bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgani ko`rsatib o`tildi. Qashqadaryo yoshlari oliy ta`limga kirish ko`rsatkichi bo`yicha mamlakatda 13-o`rinda. Bu yil 191 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy o`quv yurtlariga kira olmagan.
Tor sohalar bo`yicha 257 ta, birlamchi bo`g`inda 855 ta shifokor etishmaydi. Hududda qo`shimcha 18 ta oilaviy poliklinika va 30 ta oilaviy shifokorlar punktlariga talab mavjud. Har bir oilaviy poliklinikaga o`rtacha 25-30 ming nafardan fuqaro to`g`ri kelishi lozim bo`lsa-da, viloyatda bu ko`rsatkich 90 mingtani tashkil etadi.
Yig`ilishda shu kabi muammolar, mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, Qashqadaryoni kompleks rivojlantirish va aholining hayot sharoitini yaxshilashga doir ustuvor yo`nalishlar muhokama qilinmoqda.






