«O`zbekneftgaz» AJ va «Uzbekistan GTL» kompaniyalarining Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan Sho`rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg`i ishlab chiqarish loyihasi doirasida bosh pudratchi «ENTER Engineering Pte. Ltd.» injiniring kompaniyaci tomonidan 900ga yaqin bangladeshlik mehnat migrantlari jalb qilinishi haqidagi xabarlar aholi orasida e`tiroz va muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Ushbu holat yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga deputatlik so`rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev ma`lum qilmoqda.
"Mazkur masala bo`yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan bildirilgan munosabatda «O`zbekneftgaz» AJ yoki loyiha bosh pudratchisi «ENTER Engineering Pte. Ltd.» injiniring kompaniyasi O`zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani olish uchun Tashqi mehnat migrasiyasiga murojaat qilmaganligi bayon etilgan.
Holbuki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 martdagi "O`zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash xaqida"gi 244-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan ish beruvchilar tomonidan Respublikaga xorijdan ishchi kuchini ruxsatnoma olmay jalb qilish, chet el fuqarolariga esa mamlakat hududida tasdiqnoma olmasdan mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi. Bu esa loyihaga bangladeshlik ishchilarni olib kelinishi bugungi pandemiya jarayonida nafaqat o`rinsiz qaror ekanligini, balki katta ehtimol bilan qonunga zid tarzda amalga oshirilganligini anglatadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hamkasbim deputat N.Tilavoldiev bilan birga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga deputatlik so`rovini yubordik. Unda, birinchi navbatda, bangladeshlik mutaxassislarni jalb qilishda «O`zbekneftgaz» AJ yoki «ENTER Engineering Pte. Ltd.» injiniring kompaniyasi tomonidan amaldagi qonunchilikka rioya etilganligini bo`yicha vazirlik tomonidan olib borilayotgan o`rganish natijalari haqida ma`lum qilish so`ralgan.
Shuningdek, Vazirlikdan mazkur loyiha doirasida yaratilgan ish o`rinlari, jalb qilinayotgan bangladeshlik mutaxassislarning kasbi va malaka darajasi loyiha doirasidagi mavjud ish o`rinlariga mosligi hamda ushbu ish o`rinlariga mos keladigan mahalliy ishchi kuchi mavjudligi to`g`risidagi tahliliy ma`lumotlar taqdim etishi so`ralgan.
P.S.: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma`lumotlariga ko`ra 2020 yil 3-chorak yakuni bo`yicha respublikada ishsizlik darajasi 11.1foizni yoki 1.6mln dan ortiq kishini tashkil etgan", deyiladi deputat xabarida.






