Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan talabalar va ularning ota-onalari orasida o`quv jarayonini an`anaviy shaklda boshlash bo`yicha jamoatchilik fikri o`rganildi, deya xabar bermoqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi.
Unga ko`ra, talabalar va ularning ota-onalari bildirgan takliflarni inobatga olgan holda har bir oliy ta`lim muassasasining, ta`lim yo`nalishining xususiyatidan kelib chiqib, hozirgi vaqtda o`quv jarayonini bosqichma-bosqich 2020 yil 16 noyabr – dushanba kunidan an`anaviy ta`lim shaklida davom ettirishga qaror qilindi.
Ta`limning an`anaviy shaklda tashkil etilishi, albatta, oliy ta`lim muassasasi jamoasiga qo`shimcha mas`uliyat va vazifalar yuklaydi. Shu bois ham, avvalambor talabalarning sog`lig`ini asrash, ularning sifatli ta`lim olishi uchun etarli shart-sharoit yaratish maqsadida:
- har bir oliy ta`lim muassasasida hududiy Sog`liqni saqlash birlashmalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari jalb qilingan holda tezkor Shtab tashkil etiladi;
- auditoriya va xonalar o`quv jarayoniga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy bo`linmalari bilan birgalikda tayyorlanadi;
- kurslar kesimida o`quv jarayonini tashkil etish sxemasi ishlab chiqilib, tabaqalashtirilgan vaqt soatlari asosida dars jadvallari tuziladi;
- talabalar turar joylari faoliyati sanitariya-gigiena va dezinfeksiya talablariga qat`iy javob beradigan normalarda tashkil etilib, jihozlangan holatda talabalarning yashashlariga bosqichma-bosqich ruxsat beriladi;
- oliy ta`lim muassasalari va talabalar turar joylarida Tibbiyot punktlari tashkil etiladi;
- talabalar salomatligi nazoratini ta`minlash maqsadida har bir oliy ta`lim muassasasiga tibbiyot muassasalari biriktiriladi.
"Bugungi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga va o`qishga ko`nikishimiz, eng asosiysi – farzandlarimiz sifatli ta`lim olishni davom ettirishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz lozim.
Farzandlarimizning sifatli ta`lim olishi va etuk kadrlar bo`lib etishishi uchun barchamiz birday mas`uldirmiz", deyiladi xabarda.






