Jizzax viloyati IIB axborot xizmati firibgar uchun usul yoki vositaning farqi yo`qligini isbotlovchi bir voqeani taqdim etdi.
Firibgar uchun manzil va makonning farqi yo`q ekan. Ular bir ilojini topib, kimnidir qaqshatib, pul topish yo`llarini izlab topishadi. Odatda ular oson yo`l bilan topiladigan katta boylikni va`da qilishadi. Jizzax shahrining Sayiljoyi mahallasida yashovchi, 1992 yilda tug`ilgan B.A. ham “foydali” taklif sabab jabrlanuvchiga aylandi.
Ma`lum bo`lishicha, B.A. ijtimoiy tarmoq orqali o`zini AQSh fuqarosi Riki, deya tanishtirgan shaxs bilan bir muddat muloqot qilgan. Qisqasi, Riki gap orasida “do`sti”ga 45 ming AQSh dollari miqdorida yordam berishi mumkinligini bildiradi. Faqat bu pul etkazib berilishi uchun Riki aytgan hisob-raqamga B.A. 1 ming 256 AQSh dollari ko`chirishi kerak edi. Xullas, shu yilning 28 sentyabrida B.A. aytilgan pulni o`tkazib berdi.
Ammo dollar o`tishi bilan Riki aloqani uzib qo`ydi. Tabiiyki, yigitcha voqea yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qildi. Holat bo`yicha tegishli tartibda jinoyat ishi qo`zg`atildi va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






