Onkologik kasalliklar nafaqat katta yoshdagi aholi, balki bolalar salomatligiga ham jiddiy ta`sir etayotgan muammolardan biridir. Mutaxassislarning fikricha, bunday kasalliklar profilaktikasiga oid tadbirlarni samarali tashkil etish va kasallikni erta bosqichda aniqlash orqali minglab bemorlarni sog`lom hayotga qaytarish mumkin. Shu mavzuda Sog`liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi Bolalar bosh onkologi, tibbiyot fanlari nomzodi Tojiddin MUSTAFOEV bilan suhbatlashdi.
Mutaxassisning ta`kidlashicha, bolalar o`rtasida uchraydigan onkologik kasalliklar ichida gemablastozlar qariyb qirq foizni tashkil etadi. Shuningdek, markaziy asab tizimi o`smalari, neyroblastomalar, buyrak, suyak, yumshoq to`qimalar, quloq, tomoq, burun, jigar va jinsiy a`zolar xavfli o`smalari uchrab turadi.
Bolalarda onkologik kasalliklar yuzaga kelishida embrional omillar asosiy o`rin egallaydi. Bolalarda xavfli o`sma kasalliklarining oldini olish uchun, avvalo, ota-ona sog`lom bo`lishi, oilada sog`lom muhit yaratilishi, inson zararli illatlardan xoli bo`lishi, shuningdek, ekologik muhit musaffoligi juda muhim hisoblanadi.
Ma`lum bo`lishicha, xavfli o`sma rivojlanayotganida bola holsizlanadi, kamqonlik rivojlanib boradi. Tana harorati 37-37,5 gacha ko`tariladi. Bundan tashqari, tana vazni kamayadi, periferik limfa tugunlari, jag`osti, qo`ltiqosti, bo`yin, chovlarda limfa tugunlari kattalashadi. Ana shunday alomatlar kuzatilsa, bolani onkolog ko`rigiga yo`llash kerak.
Bola uchun nor yoki xol xavf tug`diradimi?
— Nor tibbiyot tilida gemongioma deb ataladi. Bundan tashqari, bolalarda limfangeomalar, suyak osteomalari, yumshoq to`qimalarda har xil xol ko`rinishidagi hosilalar uchrab turadi. Bular xavfsiz o`smalar hisoblanadi. Biroq ba`zilari xavfli o`smaga aylanishi mumkin. Shu bois, bolaning badanidagi bunday hosilalarni ota-ona o`z bilganicha bartaraf etishga urinishi, xollarni yulishga harakat qilish yoki har xil yog`lar surib yo`qotishga urinish aslo mumkin emas. Bu og`ir oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Agar bolaning badanida bunday hosilalar bo`lsa, albatta, bolani tegishli mutaxassis ko`rigidan o`tkazib, shifokor tavsiyalariga amal qilish lozim. Oilalarga kirib borganingizda ota-onalarga bu xususda etarlicha tushuncha bersangiz bolalar salomatligini asrashga munosib ulush qo`shgan bo`lasiz.
Papilloma virusi inson sog`lig`iga qanchalik zarar etkazishi mumkin?
— Papilloma virusli kasallik hisoblanadi. Ayrim ko`rinishlari onkologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, ayollardagi bachadon bo`yni saratoni rivojlanishida aynan papilloma virusi etakchilik qiladi. Bachadon bo`yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o`rtasida tarqalishi bo`yicha ko`krak bezi saratonidan keyingi o`rinni egallaydi.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, dunyoda birgina 2018 yilda bachadon bo`yni saratoni bilan qariyb 570 ming yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 mingdan ortiq ayollar vafot etadi. Jumladan, mamlakatimizda ham har yili minglab nafardan ziyod ayol bachadon bo`yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Kasallikning oldini olishning eng maqbul usuli emlashdir, deydi shifokor.






