Farg`ona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limlari faoliyatida “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori talablariga rioya etilishi holati o`rganildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Ta`lim muassasalari o`qituvchilaridan xalqaro olimpiadalar g`oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz hamda asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g`oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqlari to`lanishi kerak bo`lsa-da, amalda viloyat bo`yicha olimpiada g`olibi bo`lgan Uchko`prik va So`x tumanlaridagi maktablarda ishlovchi 7 nafar o`qituvchiga ustamalar to`lanmaganligi aniqlangan.
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan o`rganish yakuni bo`yicha viloyat xalq ta`limi boshqarmasiga kiritilgan taqdimnoma muhokama qilindi.
Unga ko`ra, So`x va Uchko`prik tuman XTB mudirlariga joriy yilning 5 oktyabr kuniga qadar ustama va mukofot pullarini to`lab berilishi yuklatilgan bo`lsa-da, amalda ushbu o`qituvchilarga 164 million 303 ming so`m ustama pullari to`lanmagan.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha Rishton va Qo`qon tumanlararo sudiga 7 ta sud buyrug`i tartibida 164 million 303 ming so`mni undirish yuzasidan arizalar kiritilib, hozirda 5 ta ariza yuzasidan 121 million 855 ming so`mni undirish yuzasidan sud buyruqlari chiqarildi. 2 ta 42 448 000 so`m ustama summalarini undirish haqidagi arizalar fuqarolik sudida ko`rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, Farg`ona viloyat adliya boshqarmasining So`x va Uchko`prik tuman XTB mudirlariga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish qo`zg`atish yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasiga kiritilgan ma`muriy takliflarga asosan So`x tuman XTB mudiri A.Temirov va Uchko`prik tuman XTB mudiri D.Ayupovalarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) barobaridan ma`muriy jarima tayinlash yuzasidan qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish yuzasidan boshqarmaning yozma ko`rsatmasi yuborildi.






