O`zbekiston Respublikasi qurilish tarmog`ini modernizasiya qilish, jadal va innovasion rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo`ljallangan strategiyasiga qaratilgan Prezident Farmoniga ko`ra, 2021 yil 1 martdan boshlab ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi er yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo`lgan bino va inshootlarni, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ob`ektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o`tkazilgan hamda ob`ektning Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati o`rnatilgan holda amalga oshiriladi.
Quyidagilar ta`qiqlanadi:
- uy quruvchilar – jismoniy va yuridik shaxslarga, asosiy faoliyat turi sifatida qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar bundan mustasno, mustaqil ravishda (xo`jalik usulida), qurilish tashkiloti bilan qurilish pudrati shartnomasini tuzmasdan ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi er yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo`lgan bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish;
- aholi punktlari hududlarining funksional zonalarida joylashgan, bunday turdagi qurilish uchun mo`ljallanmagan er uchastkalarida ko`p qavatli ko`p kvartirali uylarni qurish;
- loyiha hujjatlarini ekspertizadan o`tkazmasdan mavjud bino va inshootlarning, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarning qavatlari sonini ko`paytirish (ustki qavat qurish);
- o`zgartirilgan loyiha hujjatlarini ekspertizadan o`tkazmasdan qurilayotgan bino va inshootlarning qavatlari sonini (loyiha hujjatlarini o`zgartirish yo`li bilan) ko`paytirish.
Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan boshlab qurilish ustidan jamoat nazoratini ta`minlash maqsadida:
a) aholi punktlarining bosh rejalari jamoat muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi. Bunda aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
I bosqich – fuqarolarni jamoat muhokamasini o`tkazish muddatlari, joyi va tartibi bilan tanishtirish;
II bosqich – aholi punkti bosh rejasining loyihasi bo`yicha jamoat muhokamalarini (yashovchilar, erdan foydalanuvchilar va ko`chmas mulk ob`ektlari mulkdorlarining muhokamalari, ijtimoiy so`rovlari, fikrlarini to`plash va boshqa usullar) o`tkazish;
III bosqich – jamoat muhokamasining qayd etilgan natijalari asosida jamoat fikrini tahlil qilish;
IV bosqich – jamoat muhokamasi natijalari haqida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmog`i orqali aholini xabardor qilish;
b) aholi punktlari bosh rejalarining yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlariga muvofiqligi yuzasidan jamoat ekspertizasini amalga oshirish imkoniyati joriy etiladi;
v) aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi bo`lgan jamoat nazorati sub`ektlarining tashabbusiga ko`ra aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish yoki unga o`zgartirish (tuzatish) kiritish mexanizmi joriy etiladi;
g) aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasini tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.