O`FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o`rganishlar natijasida O`zbekiston Superliga va Pro Liga uchrashuvlarida korrupsion holatlar, ya`ni bir qator futbol o`yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta`sir o`tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan bir qator futbol hakamlari aniqlandi. Bu haqda O`FA Axborot xizmati xabar bermoqda.
O`FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holatga aloqadorlikda gumon qilingan 10 nafardan ortiq futbol hakamlari, professional futbol klublarining murabbiy va rasmiy shaxslari bo`yicha ma`lumotlar, tegishli futbol uchrashuvlari qaydnomalari, inspektorlarning futbol uchrashuvlari bo`yicha hisobotlari, hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to`g`risidagi deklarasiyalari, tegishli futbol uchrashuvlaridagi shubhali epizodlar aks etilgan videomateriallar O`FA Etika qo`mitasiga ko`rib chiqish uchun taqdim etildi.
Taqdim etilgan ma`lumotlar bo`yicha joriy yilning 17 va 25 noyabr kunlari O`FA Etika qo`mitasining yig`ilishlari bo`lib o`tdi va tegishli tartibda O`FA Etika qo`mitasining 04/2020, 05/2020 – sonli qarorlari qabul qilindi.
Ularga ko`ra:
- FIFA, OFK hakami J.Y.Muxtorov O`FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol o`yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta`sir o`tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 5 (besh) yil muddatga futbol bilan bog`liq har qanday faoliyatdan chetlatildi hamda 90 000 000 (to`qson million) so`m jarimaga tortildi.
- O`FA Bosh hakami T.N.To`xtasinov O`FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol o`yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta`sir o`tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 2021 yilgi futbol mavsumida hakamlik qilishdan chetlatildi va 10 000 000 (o`n million) so`m jarimaga tortildi;
- O`FA Bosh hakami A.S.Nadjafaliev hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to`g`risidagi deklarasiyasiga asosan O`FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi bilan hamkorlik qilganligi va OFK Hakamlar akademiyasida tahsil olayotganligi, tahsil jarayonida eng yaxshi ko`rsatkichlarni qo`rsatayotganligini inobatga olib, biroq O`FA intizom kodeksining 5.42. bandiga asosan O`zPFL musobaqalarini o`tkazish bilan bog`liq real faktlarni buzib ko`rsatishga uringanligi uchun 2020 yil futbol mavsumi oxirigacha hakamlik qilishdan chetlatildi va 70 000 000 (etmish million) so`m jarimaga tortildi.
Shu jumladan, qo`mita qarorlari bilan mazkur holatlarga aloqador bir nechta yordamchi hakamlar, nazoratchilar, hamda futbol klublari mas`ullari tegishli jarimalarga tortildi.
Mazkur qaror O`FA tomonidan rasmiy tarzda e`lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
O`FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi futbol sohasida shubha ostiga olingan vaziyatlar bo`yicha o`rganish ishlarini davom ettirmoqda. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O`FA Etika qo`mitasi tegishli tartibda ko`rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.