1

TUSh (Etyud)

Mutolaa 20.01.2016, 14:22
TUSh (Etyud)

Ilk hikoyalar yozib yurgan o`smirlik chog`larim. Qiziq voqealar o`ylab topishga urinaman, chiroyli so`zlar axtaraman... “Quyoshning oltin nurlari daraxt yaproqlarini zar bilan o`radi, tubsiz osmonning moviy gumbazi mitti tilla sirg`achalarga to`ldi”, kabi jimjimador jumlalar tuzaman. Bu tasvirlar o`zimga yoqsa ham ko`nglimning bir chetida ularning allaqanday sovuqligini, yasamaligini, dilimdagi tuyg`ularimni ifoda qilishga ojiz ekanini sezib, qiynalaman, iztirob chekaman... Bir kuni qo`limga “Hojimurod” tushdi. Qissaning muqaddimasi, ya`ni qariqiz haqidagi hikoya ezmalikday tuyuldi. Men undan “sakrab” o`tdim, o`tdimu qissaning ilk misralarini o`qib g`alati bo`lib ketdim...

Menga shunday tuyuldiki, go`yo Tolstoy olis chechen ovulini emas, bizning qishloqni tasvirlagan. Ko`z oldimga qishloq o`rtasidagi machit, machitning yonidan soyga buriladigan tor ko`cha keldi. Ko`chaning ikki tomonidagi pastqam uylarning tomlarida chollar bog` qo`rib yotishadi. Kechqurunlari qirdan poda qaytadi, borliqni qo`y-qo`zilarning ma`rashi to`ldiradi, mo`rilardan tutun ko`tarilib, havoda tezak hidi burqsiydi. Xuddi Tolstoy tasvirlagan manzara!.. Nazarimda Hojimurod shu machit tomondan kelib, bizning tor ko`chaga burilgan, burilganu birinchi pastqam uyning tomidagi cholni (bu uyning tomida yong`og`ini qo`rib doim badjahl bir chol yotardi) uyg`otgan...

Meni ayniqsa “tezakning qo`lansa hidi” — degan so`zlar hayratga soladi. Tanish manzaralarni ko`z oldimga keltirgan, dilimda ajib hislar uyg`otgan narsa ham shu oddiy so`zlar, azon aytgan so`fining ovozi, mo`rilardan ko`tarilgan tutunu tezakning qo`lansa hidi edi!..

Bu oddiy so`zlarning allaqanday teran siri bor edi. Bu sir sizni sehrlab qo`yar, ko`z oldingizga siz olis chechen ovuli emas, o`z qishlog`ingiz, bolalikdan tanish manzaralar kelishining sababi ham shu sehrda edi!

Kitobni bir o`tirishda o`qib tugatdim. Hojimurodning o`limidan ko`nglim vayron, xo`rligim kelib, xo`roz qichqiriqlariga, itlarning vovullashiga quloq solib uzoq yotdim. So`ng, kitobning birinchi sahifasidagi ulug`vor cholning suratiga, paxmoq qoshlar ostidagi o`tkir ko`zlarini kitobxonga qadab turgan Tolstoyning suratiga tikildim. Bu suratni qaysi rassom chizgani hozir esimda yo`q. Shunisi esimdaki, Tolstoyning uzun soqoliga, do`ng peshanasiga, qudrat yog`ilib turgan miqti gavdasiga, allaqanday shafqatsiz chehrasiga tikilib uzoq yotdim, xayolimda esa undan yordam tilar, oq yo`l tilashini iltijo qilardim. Uyquga ketganimni bilmay qoldim. Bir mahal tush ko`ribman. Tushimda... Tolstoy!

Egnida o`sha uzun ko`ylak, keng panjali uzun qo`llarini ingichka qayish qamariga suqib, uyimizga sekin kirib kelgan emish. Meni chaqirib nimadir dedimi, yo deganday bo`ldimi, bilmadim, oyimlarning ovozidan uyg`onib ketdim. Tong otgan, oyim sigir sog`ayotgan edilar.

Men Tolstoydan, uning menga aytadigan gaplariyu, beradigan oq fotihasidan ayrilganimni sezib, dod deb yuborishimga oz qoldi. Xuddi tushida oltindan ayrilgan Afandiday ko`zimni qayta yumdim. Yo`q. Tolstoyni qaytarib bo`lmas edi!.. Oyimlardan ranjib, ancha to`lg`anib yotdim, keyin asta-sekin o`zimni yupata boshladim. Axir Tolstoyning uyimizga kirib kelgani, meni chaqirib bir nima degani rost-ku! Shoshma. U menga nima dedi? Kelajakda yozuvchi bo`lishimga ishora qilmadimi?

Tolstoyning nima deganini eslash qiyin edi, lekin bora-bora u menga yaxshi gaplar aytganday tuyula boshladi, asta-sekin yozuvchilikka oq yo`l tilaganiga ham ishona boshladim, nazarimda, hatto boshimni ham silaganday bo`ldi...

Ko`nglim yorishib, o`rnimdan turdim. Quvonchdan o`zimni qayoqqa qo`yishimni bilmas edim, tushimni birovga tezroq aytgim, quvonchim bilan o`rtoqlashgim kelar edi.

Avgustning o`rtalari. Mendan bir-ikki yosh katta bir adashim bilan kun ora g`o`za sug`orar edik. O`sha kuni bizning navbatimiz edi. Rost, Odil mening “yozuvchi”ligimni, yozgan she`r va hikoyalarimni tan olmas, lekin adabiyotni yaxshi ko`rar, kitobni ko`p o`qir, shu sabab, ikkimiz ancha yakin edik.

Men bog`imizdan chiqib, paxtazorga buriladigan yolg`iz oyoq yo`lga qadam qo`yganimda, Odil ham etib keldi, qo`l berib ko`risharkan:

— Ha, og`izlar quloqda-ku? — deb piching qildi.

— Menga qara, Odil, bugun g`alati bir tush ko`rdim,— dedim. — Kulmasang aytib beraman.

— Xo`sh, xo`sh?

— Men bugun tushimda... Tolstoyni ko`rdim!

— Shunaqami? — Odil negadir ko`zini ko`zimdan uzib paxtazorga tikildi. — Xo`sh, keyin nima bo`ldi?

— Ha, shu... Juda ajoyib odam ekan!

— Senga... yozuvchilikka fotiha bergandir?

— Aytsam ishonmaysan-da! Lekin... chindan ham... yaxshi gaplar aytdi.

— Katta qo`llari bilan boshingni ham silagandir? -  Boshqa payt bo`lsa-ku, men uning ovozidagi kinoyani sezardim, albatta, lekin shoddigim ichimga sig`may turgan bir mahalda buni payqamadim.

— Ha, boshimni sekin siladi!

— Ha-ha-ha! Tolstoy boshini silagan emish! Ha-ha-ha! Orzularingdan o`rgilib ketay!

Odilning zaharli qahqahasi ustimga quyilgan bir chelak sovuq suvday ta`sir etdi. O`zimni qayoqqa yashirishni bilmay paxtazorga sho`ng`idim. Odildan, odamlardan yashirinib kechqurungacha yolg`iz ishladim, aytgan gaplarimni unutish uchun, uyatdan “qochib qutulish” uchun jon-jahdim bilan ishladim, tushimni esa hech qachon, hech kimga aytmaslikka qasam ichdim. O`zim ham Tolstoyning buyukligini o`sha kuni tushundim-ov... Tolstoy shunchalik buyuk ediki, uni hatto tushimda ko`rdim, deyish ham nokamtarinlik va maqtanchokdik bo`lardi!..

Odil YoQUBOV 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1