Ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya Qo`riqlash xizmatidagi harbiylashtirilgan soqchilik xizmatchilarining oylik maoshi past ekanligi yuzasidan turli xil ma`lumotlar tarqatilgan edi.
Milliy gvardiya Qo`riqlash bosh boshqarmasining ma`lum qilishicha, Qo`riqlash xizmati xodimlarining oylik maoshi O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan tariflar asosida ishlab chiqiladi.Respublika hududida qo`riqlash tizimlarida ishlayotgan barcha ishchi va xizmatchilar, xususan harbiylashtirilgan soqchilik xizmatchilarining oylik ish haqlari amaldagi qonunchilik talablariga asosan mehnatga haq to`lashning yagona tarif setkasi asosida amalga oshiriladi. Ularning oylik ish haqlari miqdorini belgilash Milliy gvardiyaning vakolati doirasida emas.
" Bundan tashqari, harbiylashtirilgan soqchilik xizmatchilari – bular erkin yollangan ishchilar (volnonayomny) xisoblanib, ular bir oyda o`rta hisobda 180 soat (bir oyda 8-10 kun) xizmatda bo`ladi. Ularning zimmasiga shaxodatlangan xodimlarga yoki harbiy xizmatchilarga berilgan kabi vakolat va vazifalar yuklatilmagan.
Qolaversa, ushbu xizmatga qabul qilinayotgan barcha nomzodlarga ularga to`laniladigan oylik maoshlari tanishtirilib hamda shu oylik maoshiga ularning roziligi va xoxish-istagi asosida ishga olinadi.
Bugungi kunda harbiylashtirilgan soqchilik xizmatchilari Milliy gvardiyaning kadrlar zaxirasi sanalib, namunali ishlab kelayotgan xizmatchilar kelgusida Milliy gvardiyaning shaxodatlangan xodimlar tarkibiga yoki harbiy bo`linmalar safiga qabul qilish tizimi joriy qilingan.
Hozirgi kunda Milliy gvardiya Qo`riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini takomillashtirish bo`yicha Hukumat qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Unda harbiylashtirilgan soqchilik bo`linmalarining ishchi-xizmatchilarining oylik ish haqlarini oshirish masalasi ham nazarda tutilgan", deyiladi rasmiy bayonotda.






