AsosiySport

Otabek Umarovning OOK vise-prezidenti bo`lishi kutilmoqda

'Otabek Umarovning OOK vise-prezidenti bo`lishi kutilmoqda'ning rasmi

9 dekabr kuni O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Ijroiya qo`mitasining navbatdan tashqari yig`ilishi bo`lib o`tdi. Onlayn o`tgan majlisda tashkilot oldida turgan bir qator muhim vazifalar, kelajakdagi rejalar muhokama qilib olindi, deya xabar bermoqda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Matbuot xizmati. 

 Kun tartibidan 16 dekabr kuni O`monning Maskat shahrida bo`lib o`tadigan Osiyo Olimpiya Kengashining navbatdagi Bosh assambleyasiga tayyorgarlik ko`rish, ushbu tadbirda bo`lib o`tadigan OOK rahbariyati tarkibiga, xususan, tashkilot vise-prezidentligiga O`zbekiston tomonidan taklif etiladigan nomzodni ko`rib chiqish, qolaversa, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilishga qaratilgan PF-6099 Farmoni ijrosini ta`minlash masalalari o`rin oldi.

Maskatda bo`lib o`tadigan Bosh assambleya kun tartibidan 2030 yil bo`lib o`tadigan yozgi Osiyo o`yinlari mezbonini aniqlash, tashkilot vise-prezidentlarini saylash, 2025 yil bo`lib o`tadigan IV yoshlar Osiyo o`yinlari mezbon mamlakati bilan shartnoma imzolash kabi masalalar o`rin olgan.

Bo`lib o`tgan Ijroqo`m yig`ilishida bu kabi jihatlar inobatga olinib, sport va tashkilotchilik bo`yicha katta salohiyatga ega bo`lgan Otabek Umarov nomzodi Osiyo Olimpiya Kengashi vise-prezidentligiga ilgari surildi. Ma`lumki, Otabek Muhammadalievich O`zbekiston triatlon federasiyasi hamda mamlakat MMA assosiasiyasidagi faoliyati orqali yurtimizda ushbu sport turlarining rivojini yangi bosqichga chiqara oldi. Tadbirda so`z olgan MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o`rinbosari Saken Polatov, O`zbekiston gimnastika federasiyasi raisi v.b. Ruslan Mustaev, O`zbekiston tennis federasiyasi Bosh kotibi Iroda To`laganova bu borada eng munosib nomzod tanlanganini ta`kidlab o`tishdi.

“OOK vise-prezidentligiga ko`rsatilayotgan nomzod ayni paytda eng munosib vakil deb aytishim mumkin. Bu inson sportni g`oyatda sevadi va o`zi ham sport bilan muntazam shug`ullanadi. Faoliyati davomida mamlakatimizda bir qator sport turlarini rivojlantirishda, Olimpiya harakatini targ`ib qilishda tashabbus ko`rsatgan. Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o`yinlari bo`yicha shartnoma imzolangach, bu bo`yicha alohida direksiya va Respublika ishchi guruhi tuziladi. Bo`lajak musobaqaga tayyorgarlik ko`rishda transport logistikasidan tortib boshqa sohalardagi infratuzilmalar, jumladan musobaqaqalarni qabul qiladigan sport majmualari, mehmonxonalar, axborot kommunikasiyasi masalalariga alohida e`tibor qaratiladi. Bu borada hukumatimiz yordamiga muhtojmiz. Oldimizda katta vazifa turibdi. Buni faqat birgalikda amalga oshirishimiz mumkin”, – dedi MOQ raisi.

Ma`lumot uchun, Osiyo Olimpiya Kengashi tashkilotida jami 10 ta vise-prezident faoliyat ko`rsatadi. Ularning 5 nafari qit`adagi mintaqalar bo`yicha ish olib borsa, qolgan yarmi Osiyoda o`tadigan 5 yirik kompleks musobaqalar (yozgi Osiyo o`yinlari, qishki Osiyo o`yinlari, Jang san`ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o`yinlari, sohil Osiyo o`yinlari va yoshlar Osiyo o`yinlari) ni yuqori saviyada tashkil etish bo`yicha mas`ul hisoblanadi. E`tiborlisi, bo`lajak Assambleyadan keyingi muddatda o`tadigan kompleks musobaqalarga mezbonlik qiluvchi mamlakat OOKga vise-prezidentlik uchun o`z nomzodini ilgari surish imkoniyatiga ega. Shu tariqa O`zbekiston ilk bor 2025 yil yoshlar Osiyo o`yinlarini qabul qilishi evaziga ushbu nufuzli tashkilot rahbariyatiga o`z vakilini nomzod qilib ko`rsatish huquqini qo`lga kiritmoqda.

Ta`kidlash joiz, Ijroqo`m yig`ilishi orqali mamlakatimiz nomidan OOK vise-prezidentligiga nomzod vakil tavsiya etish amaliyoti o`zbek sporti tarixida birinchi bor yo`lga qo`yilgani yanada ahamiyatli. Tadbir davomida Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o`yinlari direksiyasining direktori ham saylab olindi. Ushbu mas`uliyatli lavozimga MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov bir ovozdan ma`qul ko`rildi. Shu tariqa O.Kasimov bir vaqtning o`zida Qo`mita Bosh kotibi va Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o`yinlari direksiyasining direktori sifatida faoliyat olib boradi, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar