1

IV Xalqaro kongressda AQSh, Italiya Hindistonda saqlanayotgan madaniy merosimiz taqdimoti o`tkaziladi

Madaniyat 11.12.2020, 02:44
Teglar: IV Xalqaro kongress
IV Xalqaro kongressda AQSh, Italiya Hindistonda saqlanayotgan madaniy merosimiz taqdimoti o`tkaziladi

2020-yilning 15-18 dekabr kunlari O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati Toshkentda an`anaviy O`zbekiston madaniy merosi haftaligi va «O`zbekiston madaniy merosi - yangi Renessans asosi»  IV Xalqaro kongressini o`tkazadi.

Kongressning birinchi kuni chet ellik va o`zbekistonlik olimlar O`zbekistonning qadimiy madaniy merosi borasida o`tkazilgan tadqiqotlar natijalari va ular yuzasidan o`zlarining xulosalarini taqdim etishadi.

Mazkur xalqaro kongressning ikkinchi kuni, ya`ni 16-dekabrda madaniy merosimizni o`rganish va ommalashtirishga oid loyiha homiyligida bo`lib o`tadi. Bundan asosiy ko`zlangan maqsad – O`zbekistonning chet ellardagi madaniy merosini qaytarish va xalqimiz madaniy merosini shu kungacha o`z jamlanmalarida saqlab hamda targ`ib qilib kelayotgan mamlakatlar bilan hamkorlik ufqlarini kengaytirishdan iborat.

Aynan haftalikning ikkinchi kunida poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida “O`zbekistonning madaniy merosi Italiya to`plamlarida”, “O`zbekistonning madaniy merosi AQSh va Kanadadagi shaxsiy kolleksiyalarda”, “S.M. Prokudin-Gorskiy va uning AQSh Kongressi kutubxonasidagi Turkiston fotosuratlari sikli”, “Hindiston Milliy muzeyida O`zbekistonning madaniy merosi”, “Rampur Raza kutubxonasi fondidagi O`zbekiston qo`lyozmalari (Hindiston)”, “So`g`diyona - Ipak yo`lining yuragi” turkumidagi yangi kitob-albomlarning taqdimoti bo`lib o`tadi.

Ushbu madaniy meros haftaligi va IV Xalqaro kongress dasturida belgilangan barcha tadbirlar, namoyishlar va taqdimotlar yurtdoshlarimizga xalqimizning azaliy madaniy merosi haqida keng tushuncha berishi va ularni targ`ib va tadqiq qilishga qiziqish uyg`otishi shubhasiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1