AsosiyJamiyat

Buxoro shahar prokurorining Prezidentga yo`llagan videomurojaati yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi

'Buxoro shahar prokurorining Prezidentga yo`llagan videomurojaati yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga yo`llagan videomurojaati tarqaldi. Murojaatda prokuror o`ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o`tkazilayotgani, Bosh prokuror boshchiligida tizimda bo`layotgan noqonuniy ishlar haqida gapirgan.

Mazkur videomurojaat bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot berdi

Bosh prokuratura tomonidan Buxoro shahridagi tadbirkorning Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning noqonuniy xatti-harakatlari haqidagi arizasi tekshirilmoqda.

Muallif arizasida shahar prokurori J.Fozilovning tazyiqi bilan Buxoro shahrida qurgan yirik savdo majmuasidan 1 metr kvadratining haqiqiy narxi 20 mln. so`m bo`lgan savdo do`konini unga 5 mln. so`mdan sotganligini, oradan bir yil o`tib, ya`ni 2020 yil oktyabr oyida shu narxdan yana bitta do`konni sotishini talab qilganligini, rad javobini berganligi uchun J.Fozilov uni tergovga chaqirib, javobgar qilish bilan qo`rqitayotganligini bildirgan.

Ushbu holat bo`yicha J.Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, tekshiruvning xolisona va adolatli o`tkazilishini ta`minlash, ish holatlariga to`liq oydinlik kiritish, har qanday aralashuv va ta`sirlarning oldini olish maqsadida u 2020 yil 2 dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha ozod qilingan.

Tekshirish davomida arizada keltirilgan barcha vajlar, shu jumladan J.Fozilovning 2020 yil 11 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida bildirgan holatlarga to`liq va haqqoniy baho beriladi, deyilgan bayonotda.

    Boshqa yangiliklar