O`zPFL rahbari Diyor Imomxo`jaev Qarshining "Nasaf" klubi OFK lisenziyalash talablarini bajara olmagani futbol muxlislarida qator savollar keltirib chiqarayotganini inobatga olib, buning sababi, klub uchun nima qilinayotgani haqida so`z yuritdi.
"Nasaf ketma-ketma ikkinchi bor lisenziyani qo`lga kirita olmayapti, undan avvalgisida esa lisenziya shartli ravishda berilgan. Shuning o`ziyoq hammasi tasodif emas, balki ayb klubning o`zida ekanini anglatadi. Ya`ni, so`nggi ikki urinishdan tegishli xulosa chiqarilmagan. O`FA bu masala bo`yicha alohida yig`ilish o`tkazgan. Klub rahbariyati ishtirok etgan uchrashuvda muammoning asl sababi aniqlangan. Vaqti kelib klub bu borada o`z muxlislari uchun rasmiy tushuntirish berishi adolatdan bo`ladi.
OFK lisenziyalash talabini sodda qilib tushuntirsak, unda barcha klublar jami 262 ta band bo`yicha talabni bajarishi lozim bo`ladi. Nasaf shularning faqatgina 171 tasiga javob qaytargan, qolganlari ochiq qolgan. Javob qaytarilgan 171 ta bandning ayrimlari bo`yicha ham savollar bor. Bunday holatda OFK lisenziyasini olish mumkin emas.
Nasaf 2020 yilni fantastik tarzda o`tkazdi deyish mumkin. Biz Berdiev jamoasi namoyish etayotgan o`yin oldida shlyapamizni echishimiz kerak. Nasaf hech bir katta transferlarsiz va qo`shimchasiga moliyaviy qiyinchiliklar bilan ham katta iroda namoyish eta olyapti. O`zPFL buni qadrlaydi, shuning uchun ham tashkilot O`FA bilan maslahatlashib, Nasafning xalqaro maydondagi ishtiroki yuzasidan OFKga rasmiy murojaatnoma yuborib ulgurgan.
Biroq holat shundayki, Nasafning Chempionlar ligasida ishtirok etishi baribir katta so`roq ostida. Biz buni tushunib turibmiz, poezd allaqachon ketib bo`lgan, juda kichik umid bor. Ammo klub hech bo`lmaganda OFK kubogida ishtirok etishi mumkindir balki. OFK ishni ko`rib chiqib, o`z xulosasini taqdim etsa, bundan albatta muxlislarni xabardor qilamiz.
Ma`lumot uchun, 2021 yil uchun O`zbekiston klublariga 1+1+1 kvotasi taqdim etilgan. Chempion sifatida Paxtakorning Chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etishi aniq bo`lib ulgurdi. Kubok uchun esa kurash davom etyapti. Agar kubok Paxtakordan boshqa klubga nasib etsa, o`sha klub Chempionlar ligasining saralash bosqichida ishtirok etadi. Agar kubokda ham Paxtakor zafar quchsa, u holda Nasaf 2-o`rin sohibi sifatida saralashda ishtirok etishi kerak edi. Ammo lisenziyalash bilan bog`liq muammo bor. Demak, O`zbekistonning ikkinchi klubi OChL saralashini muvaffaqiyatli bosib o`tib, guruh bosqichiga yo`l olsa, u holda Nasafda OFK kubogida ishtirok etish imkoniyati bo`ladi. Buning uchun bizga OFK xulosasi kerak bo`ladi", deya izoh bergan Imomxo`jaev.






