Shu kunlarda O`mon davlatining Maskat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashi(OOK)ning navbatdagi Bosh Assambleyasi bo`lib o`tmoqda.
Bosh Assambleyaning kun tartibidan o`rin olgan muhim masalalardan biri – 2025 yilgi yoshlar o`rtasida IV Osiyo o`yinlari mezboni va OOK o`rtasida shartnoma imzolanishi edi.
Assambleyada Toshkent shahrining 2025 yilda bo`ladigan IV yoshlar Osiyo o`yinlarini qabul qilishi rasman tasdiqlandi. Shundan so`ng O`zbekiston hamda OOK o`rtasida musobaqaning o`tkazilishi borasida shartnoma imzolandi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ Bosh kotibi, «Toshkent-2025» IV yoshlar Osiyo o`yinlari direksiyasi direktori Oybek Kasimov hamda Qo`mitaning rais o`rinbosarlari va maslahatchilari, Toshkent shahar hokimligi vakillari qatnashdi.
Shuningdek, bugungi Assambleyada 2030 yilgi Osiyo o`yinlari mezboni ham aniqlandi. Ushbu nufuzli musobaqa mezbonligi uchun Qatarning Doxa hamda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shaharlari kurash olib borishayotgan edi. Hal qiluvchi ovoz berish jarayonida qatarliklar g`olib chiqishdi va 2030 yilgi qit`amizning eng nufuzli sport musobaqasi mezbonligini qo`lga kiritdi. O`z navbatida Ar-Riyod 2034 yilgi Osiyo o`yinlarini qabul qiladigan bo`ldi.
Toshkentning 2025 yilgi yoshlar Osiyo o`yinlarini qabul qilishi yuzasidan tuzilgan shartnomaga OOK prezidenti Shayx Ahmad Ah Fahad Al Sabax, OOK vise-prezidenti Otabek Umarov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov hamda Toshkent shahar hokimligi vakili Izzatbek Jo`raev imzo chekishdi.

Toshkent-2025 yoshlar o`rtasidagi IV Osiyo o`yinlari Yangi O`zbekistonning qay darajada rivoj topayotganini jahon hamjamiyatiga ko`rsatish uchun qulay imkoniyatdir. Ushbu musobaqa davomida yurtimizga 5000 nafardan ziyod mehmon kelishi kutilmoqda. Bu esa o`z navbatida zimmamizga ulkan mas`uliyat yuklaydi.






