Turkiyaning Konya shahrida Mavlono Jaloliddin Rumiyning 747 yilligiga bag`ishlangan xotirlash marosimlari samo raqsini o`z ichiga oluvchi "Shabi Arus" kechasi bilan yakunlandi. Ma`lum qilinishicha, «Shabi arus» 1937 yildan buyon har yili tashkil etiladi, jahonning turli joylaridagi Mavlono shaydolari Konya shahriga kelib, xotirlash marosimlarida qatnashadi. Bu yil u 83-marta o`tkazildi.


Tadbirda dastlab Turkiya Buyuk Millat Majlisining Spikeri Mustafo Shentop so`zga chiqib, nutqini Prezident Rajab Toyyib Erdo`g`anning salomini etkazishdan boshladi.

"Butun insoniyat dunyoni qamrab olgan global epidemiyani boshdan kechirayotgan bir paytda, shunday muhitda sizlar bilan uchrashib, Mavlononi xotirlash men uchun g`urur va baxtdir. Ushbu kechaga Erdo`g`an janoblari ham tashrif buyurmoqchi edi, biroq, garchi ularning ishtirok etishlariga imkon bo`lmagan bo`lsada, davlat rahbari barcha ishtirokchilarga o`zining samimiy salomlarini yo`lladi", dedi u.
"Hazrati Mavlono bizga meros sifatida betakror hayot qoldirdi"
Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Hazrati Mavlononing odamlar uchun noyob meros qoldirganini ta`kidladi.

“Uning asarlari uning merosini so`zlar bilan yodlash uchun emas, balki biz o`sha hayotda yashashimiz uchun uning so`zlariga ergashish uchun yozilgan. Yo`lni topish uchun yo`lovchiga tavsif kerak. Ammo, agar bu maqsad bo`lmasa, hech qanday tavsiya odamni boshiga yoki oxiriga etkaza olmaydi. Hazrati Mavlononing kalomi tilda emas, balki qalbda joy topishi kerak. Zarur bo`lganda uni boshqalarga etkazishni emas, balki yashashni va uni hamma joyda shaxsan qo`llashni o`rganish kerak. Chunki biz haqiqatan ham so`z doimiy bo`lishini va boshqa qalblarda aks etishini istasak, uni so`z bilan emas, balki yashash orqali odamlarda vujudga keltirishimiz kerak.
Bugun, dunyoga nazar tashlaganimizda, ko`p odamlar o`zlariga yaxshilik keltiraman deganlarning qo`lida yomonlik bilan uchrashayotganini ko`ramiz. Kecha va bugun yomon niyatlar yaxshi so`zlarning orqasida yashirinishi mumkinligini bilib oldik. Demak, yaxshilikni kerakli joyda, to`g`ri yo`lda va to`g`ri odamlarda izlash boshqacha. Bundan tashqari, biz oldimizda turib notog`ri va to`g`ri yo`limiz uchun javobgarlikni o`z zimmamizga olishimiz kerak, biz tanlaganimiz uchun boshqalarni ayblashimiz mumkin emas, shuning uchun biz Mavlonoga murojaat qilamiz. Biz Hazrati Mavlononi rahmat va minnatdorlik bilan eslaymiz", dedi Mehmet Nuri Ersoy
Shuningdek, uning ma`lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda "Shabi Arus" haqidagi post xabarlar 150 million marta ko`rilgan.
Samo raqsi — qalbni tozalash yo`li
Shundan so`ng, katta sahnada kechaning asosiy qismi bo`lgan Samo raqsi ijro etildi. Qayd etilishicha, Samo raqsi - darveshlar uchun Xudoga yaqinlashish yo`li hisoblanib, qalbni tozalaydi. Undagi har bir xatti-harakat o`ziga xos mazmunga ega. Dastlab, darveshlar sahnaga qora kiyimda chiqishadi va aylana boshlaydilar. Bunda ular koinot sirlarini eshitadi va bundan zavqlanadi. Aylanayotgan darveshlarning o`ng qo`li osmonga, chap qo`li esa erga qaragan holda bo`ladi. Ya`ni ularning o`ng qo`li Allohdan rahm tilash, chap qo`li esa boshqalarga ulashish ma`nosini anglatadi. Raqsdan keyin esa ular qora libosini echib, oq libosda gavdalanadi. Bu ham o`ziga xos ma`noni anglatadi: qora libos foniy dunyo, u echilgandan keyin qoladigan oq libos esa kafanlik ramzi.


Farida Egamberdieva






