AsosiySport

Odil Ahmedov OʻzMUda oʻz futbol akademiyasini ochdi

'Odil Ahmedov OʻzMUda oʻz futbol akademiyasini ochdi'ning rasmi

O`zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan endilikda futbol muxlislari tilida «O`zbek Maradonasi» nomini olgan O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sportchi, futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovning futbol akademiyasi o`z faoliyatini boshlaydi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.

O`zbekiston Milliy universitetiga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining Ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma`naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash masalalari kotibiyatining mudiri Bahodirjon Onorboev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining o`rinbosari Yusuf Absoatov, futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov, O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi Azizbek Haydarovlar tashrif buyurishdi.

Tadbir bayramona tus oldi. Mehmonlarni universitetning turli fakultetlarida tahsil olayotgan talabalar: sport turlari bo`yicha 11 nafar jahon chempionlari, 100ga yaqin Osiyo va xalqaro musobaqalar g`oliblari kutib olishdi.  

Anglashuv memorandumi oldidan so`zga chiqqan sportchi:

«Men uchun akademiyani sifatli rivojlantirish juda muhim. Kelajakda O`zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishini va uning tarkibida universitetimiz tarbiyalanuvchilari bo`lishini istayman. Bu har qanday puldan ham qimmat turadi. Asosiysi, biz qobiliyatli o`yinchilarga diqqatni qaratmoqchimiz. Bilasizmi, yosh futbolchilar uchun asosiysi – bu bor kuch-g`ayratini ayamaydigan ustoz. Afsuski, hozir bunday ustozlar kam. Bugungi kunda ko`plab trenerlar bolalarga to`p berib qo`yib, shu bilan pul ishlamoqda. Shuning uchun ham biz akademiyaga tajribali chet ellik mutaxassislarni taklif qilmoqchimiz. Chet ellik mutaxassislar o`z tajribalarini yoshlar bilan baham ko`rishadi. Bundan tashqari, bizning ham yosh mutaxassislarimiz boshqa mamlakatlarga borib tajriba orttirishlari mumkin. Menimcha, shunday yo`l bilan kerakli natijaga erishish mumkin, — deydi Odil Ahmedov.

Eslatib o`tamiz, ikki yil oldin Ahmedov o`zi tug`ilib o`sgan Namanganda futbol akademiyasi ochgan edi.

    Boshqa yangiliklar