AsosiyMadaniyat

O`zbek telekanallarida chorak asrdan buyon namoyish etilmagan milliy filmlar efirga uzatiladi

'O`zbek telekanallarida chorak asrdan buyon namoyish etilmagan milliy filmlar efirga uzatiladi'ning rasmi

"O`zbekkino" Milliy agentligi Prezident topshirig`iga asosan eng sara 100ta o`zbek filmini saralab oldi.

Joriy yilning 30 dekabr kuni Yoshlar ijod saroyida “Yangi O`zbekiston — o`zbek milliy kinematografiyasi shonli tarixi va rivojlanish bosqichlari” marosimi bo`lib o`tdi. 

 Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan eng sara milliy filmlar 100 taligi tanlab olindi. Ushbu filmlar orasida ilgari telekanallar orqali efirga uzatilmagan ko`plab noyob filmlar mavjud.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 20 noyabrda yangi rekonstruksiya qilingan “O`zbekfilm” kinostudiyasiga tashrifi davomida eng sara milliy filmlar 100 taligini tuzish va efirga uzatish topshirig`i berilgan edi. Mazkur vazifa yuzasidan “O`zbekkino” MA tomonidan maxsus komissiya tuzildi va filmlar yuztaligi tuzib chiqildi. 30 dekabr kuni agentlik tantanali ravishda filmlar jamlanmasini davlat va nodavlat telekanallarga topshirdi. Ro`yxatdagi ayrim noyob filmlarning etalon negativlari Rossiya davlat film fondida saqlanmoqda. Hozirga qadar 7ta badiiy va 10dan ortiq multiplikasion filmlar yurtimizga qaytarildi. Ularni qaytarish bo`yicha ishlar davom ettiriladi.

Tadbir avvalida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari Behzod Musaev hamda “O`zbekkino” MA Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov so`zga chiqishdi. So`ngra joriy yil olamdan  o`tgan kinoarboblar yod etildi. Shundan so`ng “O`zbek kinosining 100ta eng sara namunasi” olti to`plami videotaqdimotdan keyin o`zbek telekanallariga topshirildi. Yangi, 2021 yildan eng sara milliy filmlarning dastlabki 25 tasi davlat va nodavlat telekanallarda efirga uzatiladi.Ular orasida chorak asrdan buyon namoyish etilmagan filmlar mavjud.

Tadbir so`ngida “CinemaTop-2020” taqdirlash marosimi doirasida qator kinoijodkorlar mukofotlanishdi. Jumladan, Jahongir Ahmedov – "Eng faol rejissyor", Nigora Karimova – "Eng faol kinoshunos", Aziz Arzikulov – "Eng faol operator", Farrux To`laganov – "Eng faol kinoprokatchi", Shohira Raufboeva – "Eng faol kinojurnalist", Bahodir Adilov – "Eng faol tizim tashkiloti", Feruza Nodirova – "Eng faol xodim", Anvar Ergashev – "Eng faol investor", Ali Hamroev – "Eng faol hujjatli kino ustasi", Matyoqub Matchonov – "Ijtimoiy faolligi uchun", Jahongir Qosimov – "Eng faol kinoijodkor", Rashid Malikov – "Xalqaro munosabatlardagi faolligi uchun", Botir Bazarbaev – "Jamoatchilik ishlaridagi faolligi uchun", Abdulatif Haydarov – "Eng faol multiplikator" nominasiyalariga munosib ko`rildi.

 

    Boshqa yangiliklar