«Paxtakor» va «Lokomotiv» klublarida yangi murabbiylar ish boshlaydi...mi?! Shu va boshqa yangiliklar haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabarida fikr yuritildi.
Pandemiya sharoitida ancha murakkab kechgan futbol bo`yicha 2020 yilgi mavsum yakunlanganiga hech qancha bo`lmasdan, mamlakatimiz klublari yangi 2021 yilgi mavsum tadorigini boshlash arafasida turishibdi. Ertadan superliganing bir qancha klublari mavsumoldi tayyorgarlik mashg`ulotlarini boshlab yuborishadi.
Mamlakatning amaldagi chempioni «Paxtakor» jiddiy o`zgarishlar ostonasida turibdi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Klub bosh murabbiyi Shota Arveladze o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali rasman jamoa va uning muxlislari bilan xayrlashdi. Biroq, klub rasmiy saytida haligacha bu haqda biron ma`lumot berilgani yo`q. Ba`zi ma`lumotlarga qaraganda, «Paxtakor» klubi rahbariyati gruziyalik mutaxassisni ortga qaytarish borasida muzokaralar olib bormoqda. Agarda kelishuv amalga oshmaydigan bo`lsa, u holda jamoani katta ehtimol bilan yana xorijlik mutaxassis boshqaradi.
Tarkibda ham sezilarli o`zgarishlar bo`ladi. Jumladan, jamoa etakchisi Jaloliddin Masharipov hozirda BAAda hordiq chiqarmoqda va uning «Al-Nassr» (Saudiya Arabistoni) klubi bilan shartnoma imzolashi tobora oydinlashib qoldi. Shuningdek, Igor Sergeev hamda Doston Hamdamovlar ham o`zini xorijda sinab ko`rish istagida ekanligi ma`lum. Javohir Siddiqov esa kelgusi faoliyatini Toshkentning boshqa bir jamoasi «Lokomotiv» safida davom ettiradiganga o`xshamoqda. Qolaversa, tajribali Sadriddin Abdullaevning ham «Paxtakor» bilan shartnomasi yakuniga etgan va tomonlar uni uzaytirish borasida hech qanday muzokaralarga kirishgani yo`q.
«Lokomotiv» klubi bosh direktorining o`rinbosari To`labek Akromov o`zining tvitterdagi sahifasida «temiryo`lchilar» yangi bosh murabbiy bilan ikki yillik shartnoma imzolashgani, bu haqdagi xabar yaqin kunlarda rasman e`lon qilinishini yozgan. Ammo, hozirda biron bir ma`lumotni matbuotdan sir saqlab bo`lmaydi. Garchi klub rasman jamoani qaysi mutaxassis qabul qilib olgani haqida yozmagan bo`lsada, «Loko» boshqaruvini asli Germaniyada tug`ilgan portugaliyalik murabbiy o`z qo`liga olayotganini futbol muxlislari allaqachon bilib olishdi. Shuningdek, jamoa tarkibini kuchaytirish maqsadida seleksiya borasida ham jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. «Paxtakor» zaxirasida qolib ketgan iste`dodli futbolchi Javohir Siddiqovning transferi «Lokomotiv»ni sezilarli darajada kuchaytirishi mumkin.
Va so`nggi kunlarning eng shov-shuvli voqeasi – katta futboldan besh yilga diskvalifikasiya qilingan Ilhom Mo`minjonovning «Neftchi» klubi boshqaruviga tayinlanganidir. Aslida Mo`minjonov Farg`onaning «Neftchi»sini o`z boshqaruviga olishi ancha oldin ma`lum bo`lib qolgandi, faqat ikki tomon o`rtasidagi kelishuvning oz emas, ko`p emas, naqd 4 yil muddatga tuzilgani chindan ham o`zbek futboli uchun kutilmagan hodisa bo`ldi. Axir klublarimiz tugul hatto terma jamoalarimizga tayinlangan murabbiylar bilan ham bu qadar uzoq muddatli kelishuv imzolanmasdida. Nahotki klublarimiz dunyo grandlaridan andoza olishayotgan bo`lsa. Istagimiz, oxirigacha shunday bo`lsin!






