AsosiyDunyo

“Virusning yangi turi qo`rqinchli sur`atlar bilan tarqalmoqda". Britaniyada uchinchi marta lokdaun kiritiladi

'“Virusning yangi turi qo`rqinchli sur`atlar bilan tarqalmoqda". Britaniyada uchinchi marta lokdaun kiritiladi'ning rasmi

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson mamlakatda koronavirus tarqalishi kuchayayotgani sababli yangi milliy lokdaun kiritilishini e`lon qildi. U bu haqda millatga murojaatida ma`lum qilgan.  

“Virusning yangi varianti qo`rqinchli sur`atlar bilan tarqalmoqda. Shunisi ayonki, uni to`xtatish uchun uchinchi milliy lokdaun lozim”, deb aytgan Jonson. Uning aytishicha, bu choralar koronavirusni nazorat ostiga olishga va mamlakatda katta ko`lamli emlashni o`tkazishga yordam beradi.  

Jonsonning ta`kidlashicha, koronavirusning yangi shtammi tez tarqalishi hukumatni xavotirlantirmoqda. U olimlar yangi shtamm avvalgilariga nisbatan 50-70 foiz yuqumliroq ekanini isbotlashganini qo`shimcha qilgan. Shu sababli mamlakatdagi shifoxonalar har qachongidan ko`ra katta zo`riqish his qilmoqda va yangi choralar qabul qilinmasa, sog`liqni saqlash tizimi resurslari 3 haftadan keyin poyoniga etishi mumkin.  

Yangi cheklovlar 5 yanvardan kuchga kiradi. Britaniyadagi barcha maktablar masofadan o`qitish tizimiga o`tadi.

Asosiy cheklovlar esa 6 yanvardan joriy qilinadi. Jumladan, butun mamlakat bo`ylab majburiy o`zini yakkalash joriy qilinadi: fuqarolarga faqat ishga borish, oziq-ovqat va birinchi ehtiyoj buyumlarini xarid qilish, tibbiy yordam olish yoki sport bilan shug`ullanish uchun uylarini tark etishga ruxsat beriladi. Surunkali og`ir kasalliklarga ega odamlarga uylarini umuman tark etmaslik tavsiya qilingan.  

Jonson yaqin 3 oyda o`n millionlab britaniyaliklar emlanishiga umid qilayotganini qo`shimcha qilgan.

4 yanvarda britaniyalik tibbiy xodimlar hukumatga murojaatlarida mamlakatda epidemiologik xavflilik darajasini maksimal – beshinchi darajaga oshirishga chaqirishgan. Ularning ta`kidlashicha, aks holda sog`liqni saqlash tizimi tobora ko`payayotgan bemorlar oqimini eplay olmay qoladi.   

    Boshqa yangiliklar