Koronavirus pandemiyasi sababli dunyoda, jumladan yurtimizda ham jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangan. Biroq, qish kelib, havoning sovishi tufayli niqobdan foydalanayotganimizda uning namlanib, ichki qismi ho`l bo`lib qolayotgani ko`pchilikning e`tiborini tortmoqda.Bu holat boshqa kasallikka sabab bo`lmaydimi, degan xavotirlar ham yo`q emas.
Ana shu masalada O`zA tahririyati poytaxtimizdagi xususiy klinikalardan birida faoliyat yuritayotgan lor shifokori Qobiljon To`ychievning fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
– Niqob taqish bir tarafdan himoya vazifasini bajaradi,–deydi Q.To`ychiev.– Lekin uning zararli taraflari ham bor. Misol uchun, tashqarida havo harorati 20 daraja bo`lsa, yutib chiqarayotgan nafasimiz 36 daraja bo`ladi. Zero, sog`lom burun o`tayotgan havoni namlab, changdan tozalab o`pkaga 36 daraja qilib uzatadi. Bu jarayonni hisobga oladigan bo`lsak, uzoq vaqt niqob taqib yurish og`iz, burun bo`shlig`ida haroratning balandroq bo`lishiga sabab bo`ladi. Chunki, terlab, namlangan niqob havoni yaxshi o`tkazmaydi. Bir niqobdan bir soat foydalansak, og`iz bo`shlig`idagi namlik evaziga kislorod o`tkazishi kamayadi va organizmda ma`lum miqdorda kislorod dimiqishi yuzaga keladi.
Qish kunida niqobni uzoq taqib bo`lmaydi, uni tez-tez almashtirib turish kerak. Agar imkon bo`lsa, jamoat joylariga kirmaslik, iloji boricha, tezroq ochiq joyga chiqish kerak. Agar niqob matosi juda qalin va undan nafas olish qiyin bo`lsa, havo ochiq qolgan yon tomonlar orqali chiqib, niqobning o`zi tezda namlanadi va samarasiz bo`lib qoladi. E`tibor qiladigan bo`lsak, niqob taqqanda burunning tepa qismida ochiq joy qoladi. Karbonat angidrid bu joydan ko`z va kiprikka urilib, ularni namlantiradi. Kiprikniku, namlanishi o`tib ketadi, lekin ko`zni namlanib, shamolda qurishi boshqa kasalliklarning rivojlanishga sabab bo`lishi mumkin.
Agar niqob tomchilarni yaxshi filtrlamasa, bunday niqob nafaqat yordam bermaydi, balki ahvolni yanada yomonlashtirishi ham mumkin. Kichik bir tadqiqotda shunday mato katta tomchilarni parchalayotgani ko`rinadi. Natijada, umuman niqobsiz gaplashgandan ko`ra ko`proq tomchilar hosil bo`lgan. Nazariy tomondan olib qarasa, bu holat jiddiy zarar etkazishi mumkin, chunki kichikroq tomchilar havoda uzoqroq turadi, erga tushmaydi va infeksiyaning potensial manbai bo`lib qoladi.






